Siyosat

Kolonka: Oʻzbekiston diplomatiyasi nigohida dunyo xaritasi qanday koʻrinishi mumkin edi

Oʻzbekistonning diplomatik manfaatlari nuqtai nazaridan dunyo xaritasi qanday koʻrinishda boʻlishi kerak? Xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassisi Yuriy Saruxanyan odatiy geografik mintaqalarga boʻlinishdan voz kechishni va tashqi siyosiy ustuvorliklarning shaxsiy tizimini yaratishni taklif qilmoqda.

**Kolonka: Oʻzbekiston diplomatiyasi nigohida dunyo xaritasi qanday koʻrinishi mumkin edi**

Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosiy ritorikasida 35 yil davomida Markaziy Osiyo haqidagi tasavvurini bir necha bor oʻzgartirdi. Avvaliga Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiya ittifoqini yaratishga harakat qilindi, keyin bu jarayonga Rossiya jalb etildi, shundan soʻng u toʻxtab qoldi. Soʻnggi bir necha yil ichida Toshkent Afgʻoniston ham mintaqaning bir qismi ekani haqida gapirmoqda, oʻtgan yili esa Ozarbayjonning Markaziy Osiyo muloqot platformasiga kiritilishini qoʻllab-quvvatladi.

Tashqi siyosiy faoliyatning 2012 yildagi Kontseptsiyasida (uning matni ochiq manbalarda mavjud emas va faqat koʻchirmalar maʼlum) mintaqa ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Shu bilan birga, mintaqaning oʻziga nisbatan taʼrif u yerda berilmagan.

Aynan «Markaziy Osiyo nima?» degan savolga aniq javobning yoʻqligidan koʻplab mutaxassislar muloqot formatini yangi ishtirokchilar hisobiga kengaytirish foydasiga dalil sifatida foydalanadilar. «Bu faqat beshta respublikadan iborat mintaqa ekani hech qayerda muhrlab qoʻyilmagan-ku. Nima uchun yana kimnidir qoʻshmaslik kerak?»

Bu haqda mulohaza yuritib, men oʻylanib qoldim: umuman Oʻzbekiston atrofdagi dunyoni qanday koʻradi? Gap umumqabul qilingan geografik tushunchalar haqida emas, balki qoʻshni mintaqalarni oʻz mavqei va milliy manfaatlari prizmasi orqali anglash haqida bormoqda. Shu tariqa, Oʻzbekiston diplomatiyasi nigohida dunyo xaritasi qanday koʻrinishi kerakligi haqida fikr yuritish gʻoyasi tugʻildi.

Xalqaro munosabatlarda geografiya maktab darsliklari bilan mos kelmaydi. Unga siyosiy va iqtisodiy chegaralarning oʻzgarishi, integratsiya zonalari va alyanslarning paydo boʻlishi, logistika va infratuzilma loyihalari taʼsir koʻrsatadi.

Buni TIVlar tuzilmasidan ham yaqqol koʻrish mumkin. Markaziy Osiyoni olaylik. Rossiya TIVda Markaziy Osiyo beshligi MDHning uchinchi departamentiga kiradi. AQSh Davlat departamenti bizni «Markaziy va Janubiy Osiyo» deb nomlanuvchi katta mintaqaning bir qismi sifatida koʻradi. Xitoy TIVda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamenti mavjud. Frantsiya TIV esa bizni Kontinental Yevropa departamentining Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻlimiga kiritgan. Ushbu toʻrtta misol turli mamlakatlar bizning mintaqamizni qanchalik turlicha qabul qilishini koʻrsatadi. Va xuddi shu tarzda ular dunyoning qolgan qismini ham oʻzlaricha «koʻrishadi».

Endi Oʻzbekistonga oʻtamiz. TIVmiz tuzilmasida quyidagi «geografik boʻlimlar» mavjud: Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi, MDH mamlakatlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik boshqarmasi, Janubiy Osiyo, Yaqin, Oʻrta Sharq va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi, Yevropa mamlakatlari va II institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi, Amerika mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi.

Bu tashqi siyosat idoramiz xayolida qanday dunyo xaritasini ushlab turganini koʻrsatadi. Avval u Markaziy Osiyo makonini, keyin MDH makonini, soʻngra esa dastlabki ikkitasidan tashqaridagi katta makonlarni koʻradi.

Markaziy Osiyoning alohida yoʻnalish sifatida belgilanishi — yaxshi. Faqat bu mintaqa aynan nimani anglatishi hanuzgacha mustahkamlab qoʻyilmaganini inobatga olgan holda. MDHni alohida makon sifatida koʻrish, mening fikrimcha, allaqachon eskirgan yondashuvdir. Birinchidan, bu tuzilma koʻproq inertsiya tufayli — YEOII paydo boʻlishi va ishtirokchilar sonining qisqarishi sababli mavjud. Ikkinchidan, bunday yondashuv mintaqani sobiq ittifoq makonining bir qismi sifatida tashqi qabul qilishni qayta ishlab chiqaradi. Qolgan mintaqalarga kelsak, ularning tasnifi koʻproq anʼanaviy geografik yondashuvga asoslangan.

Yaʼni, Oʻzbekiston diplomatiyasi dunyoga koʻproq devordagi dunyo xaritasi qarshisida turgandek qaraydi. Men esa umumqabul qilingan geografik taʼriflardan chekingan holda, dunyoga Oʻzbekiston nigohi bilan 3D rejimida qarashga harakat qilmoqchiman.

Shunday qilib, Oʻzbekiston devordagi xaritadan uzoqlashib, geografik 3D-reallikka shoʻngʻidi. U birinchi navbatda nimaga eʼtibor qaratishi kerak? Boshlanishiga — Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonga. Bu mamlakatlar Oʻzbekistonga nafaqat geografik, balki mental, madaniy, ijtimoiy-siyosiy, tsivilizatsion jihatdan ham yaqindir. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni izchil ravishda diplomatiyaning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab kelgan. Ammo bir nechta tuzatishlar kiritish vaqti keldi.

Birinchidan, «Markaziy Osiyo» nomini bizning markaziy osiyolik beshligimiz uchun mustahkamlab qoʻyish kerak. Buning uchun qolgan toʻrtta davlat bilan konsensus topish va mintaqaga tashqaridan kimnidir qoʻshishga boʻlgan urinishlarni toʻxtatish zarur. Rasmiy ravishda mustahkamlash uchun koʻplab vositalar mavjud. Masalan, beshta davlatning oʻzlarini «Markaziy Osiyo» deb nomlanuvchi mintaqa bilan identifikatsiya qilishlari toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qilish va xalqaro tashkilotlar hamda mamlakatlarga boshqa nomlardan foydalanmaslik va mintaqa tarkibida boshqa hech qanday mamlakatni koʻrmaslik chaqirigʻi bilan murojaat qilish mumkin.

Ikkinchidan, biz hanuzgacha Markaziy Osiyoga tashqi siyosatimizning obʼyekti sifatida qaraymiz. Mintaqa haqiqatan ham ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi kerak. Shu bilan birga, Oʻzbekiston, maʼlumki, dunyodagi ikkita doubly land-locked states (dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatlar bilan oʻralgan davlat) dan biridir. Mintaqamizda resurslarning taqsimlanishi shunday tuzilganki, bir mamlakat qoʻshnilariga daxl qilmasdan ularni bir tomonlama tasarruf eta olmaydi. Masalan, Oʻzbekiston suv resurslarining qariyb 80 foizi mamlakat tashqarisida shakllanadi, bu esa qoʻshnilar bilan muvofiqlashtirmasdan samarali suvdan foydalanishni deyarli imkonsiz qiladi. Shu bois Toshkent butun mintaqani oʻzining tabiiy yashash muhiti sifatida qabul qilishi kerak. Boshqacha aytganda, oʻz diplomatiyasining bazaviy sozlamalarida Oʻzbekiston allaqachon oʻz geografik chegaralaridan kengroq fikrlashi lozim.

Markaziy Osiyo muzliklari.

Toshkent mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda yetakchilik ambitsiyalarini yashirmaydi. Ammo xalqaro munosabatlardagi yetakchilik — bu imtiyoz emas, balki koʻproq masʼuliyatdir. Markaziy Osiyoga tabiiy yashash muhiti sifatida yondashish Oʻzbekiston uchun mintaqaviy masalalarda faolroq ishtirok etishni, qoʻshnilar oʻrtasidagi nizolarni hal qilishga koʻmaklashishni, ikki tomonlama bahslarda murosaga kelishga va zarur boʻlganda yordam koʻrsatishga tayyorlikni anglatishi kerak. Biz ushbu elementlarning baʼzilarini allaqachon kuzatganmiz. Masalan, Toshkent 2022 yil sentyabr oyida Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi mojaroni hal qilishga yordam berganida. Yoki Qirgʻiziston bilan hududiy masalalar va chegaraoldi suv resurslaridan foydalanishni muhokama qilish jarayonida murosaga borganida.

Oʻzbekistonning yangi yondashuvi aynan shunisi bilan avvalgisidan farq qilishi kerak, oʻshanda u qoʻshnilardan ihotalanishga harakat qilib, chegara postlari qanchalik koʻp va milliy chegara nazorati qanchalik qattiq boʻlsa, shunchalik xavfsiz boʻladi deb hisoblar edi. Bizning holatimizda bu unday emas. Oʻzbekistonning xavfsizligi va iqtisodiy rivojlanishi tashqi chegaralarning xavfsizligi va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga bogʻliq.

Ammo yana bir narsani taʼkidlash muhim. Tabiiy yashash muhiti mintaqada ustunlik qilishga, qoʻshnilarni nazorat qilishga boʻlgan daʼvolarni yoki biror-bir ekspansionistik ambitsiyalarni anglatmaydi. Shuning uchun qoʻshnilar bilan kommunikatsiya ular xavf sezmaydigan tarzda qurilishi kerak. Bunday yondashuv Oʻzbekistonning alohida geografik maqomi va mintaqaning oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliqligini tushuntirish zarur. Shuningdek, biz bilan umumiy tarixiy tajribaga, umumiy merosga ega boʻlgan va biz «bir tilda» gaplashadigan toʻrtta qoʻshni davlatsiz barqaror iqtisodiy rivojlanish va xavfsizlikni taʼminlashimiz qiyinligini ham.

Shunday qilib, Oʻzbekiston uchun Markaziy Osiyo — bu uning hayotiy muhim manfaatlari jamlangan tabiiy yashash muhitidir. Va bu makon mintaqaviy siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarda faol ishtirok etishni talab qiladi. Bu yoʻnalishda Oʻzbekiston diplomatiyasi eng keng vositalar toʻplamidan foydalanishi lozim.

Shunday qilib, Oʻzbekiston atrofga nazar tashlab, tabiiy yashash muhiti masalasini hal qildi. Endi Markaziy Osiyo chegaralaridan tashqariga qarash kerak. Mintaqamiz land-locked region (dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mintaqa) hisoblanadi. Bu esa Oʻzbekiston diplomatiyasi geografiyasining keyingi shakllanishi u va uning tabiiy yashash muhiti samarali rivojlanishi uchun qaysi mintaqalar zarurligidan kelib chiqishi kerakligini anglatadi.

Bu men strategik manfaatlar doirasi deb ataydigan diplomatiyaning birinchi tashqi darajasidir. Bu Markaziy Osiyo atrofidagi jahon okeaniga chiqish, global bozorlarga chiqish yoʻllarini diversifikatsiya qilish, logistika va infratuzilma loyihalarini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan katta makondir. Bundan tashqari, ushbu makon davlatlarining xavfsizligi va barqarorligi muhim, chunki ularning beqarorlashuvi Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi.

Strategik manfaatlar doirasini men 3 ta subregionga boʻlaman. Oʻquvchilarni chalkashtirmaslik uchun nomlarni ataylab oʻylab topmayapman. Ushbu kolonka uchun ular muhim emas — ularning funktsiyalari muhimroq.

Birinchi subregion Eron, Afgʻoniston, Pokiston va Hindistonni birlashtiradi.

Oʻzbekistonning milliy manfaatlari nuqtai nazaridan u eng muhimlaridan biri — agar eng muhimi boʻlmasa.

Toshkent ular bilan allaqachon alohida munosabatlar oʻrnatmoqda — hech boʻlmaganda bayonotlar darajasida. Oʻzbekiston transport va logistika loyihalarini amalga oshirishni muhokama qilmoqda, ular orasida Transafgʻon temir yoʻli, Erondagi Chobahor va Bandar-Abbos, Pokistondagi Karachi va Gvadar portlariga chiqish imkoniyatini qoʻlga kiritish, Hindistonga, shuningdek, Xitoy orqali Pokistonga multimodal savdo yoʻlaklarini qurish bor.

Transafgʻon temir yoʻli texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvning imzolanishi. Foto: Afgʻoniston TIV

Oʻtgan yili Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston Transafgʻon temir yoʻlining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boʻyicha hadli bitimni imzoladilar, allaqachon ishlab turgan Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston multimodal yoʻlagi boʻyicha tashish hajmi esa bir necha yil ichida besh baravarga oshdi. Chobahorni esa Toshkent Hindiston bilan transport bogʻliqligining asosiy boʻgʻinlaridan biri sifatida koʻrmoqda. Bundan tashqari, u oʻz imkoniyatlari doirasida Afgʻonistondagi vaziyatni normallashtirish jarayonida ishtirok etishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, ayni paytda Oʻzbekiston strategiyasi ikki tomonlama aloqalarga asoslangan. Ushbu subregiondagi vaziyat juda tez oʻzgarmoqda, mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar beqaror, chegaralarda esa vaqti-vaqti bilan mojarolar eskalatsiyasi yuz bermoqda. Toshkentga faqat ikki tomonlama darajada barqaror biror narsani amalga oshirish qiyin boʻladi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston diplomatiyasiga ushbu subregion boʻyicha alohida strategiya zarur boʻlib, uning ichida allaqachon alohida mamlakat strategiyalari mavjud boʻlishi mumkin. Bu rejalashtirilayotgan loyihalarning realligini, mavjud toʻsiqlarni va ularni bartaraf etish yoʻllarini yaxshiroq baholash imkonini beradi.

Ikkinchi subregion Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va Turkiyani birlashtiradi.

Ozarbayjon bilan munosabatlarning jadallashishi — toʻgʻri yoʻnalishdagi qadam. Biroq, mening nazarimda, Toshkent Boku va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi muloqotni ilgari surish oʻrniga, Bokuni Markaziy Osiyo muloqot formatiga kiritib, jiddiy xatoga yoʻl qoʻymoqda. Ikki mintaqaning bunday muloqotiga Turkiyani ham taklif qilish mumkin, chunki Anqarasiz tashqi siyosatimizning bu yoʻnalishi toʻlaqonli ishlay olmaydi.

Oʻzbekiston aynan shunday konfiguratsiyada Markaziy Osiyoning gʻarbiy chegaralarini «koʻrishi» kerak. Janubiy Kavkaz — Oʻzbekiston uchun Yevropa bilan savdo qilishda asosiy tranzit zonasi, Turkiya esa Oʻrta yer dengizi va Yevropa bozorlariga chiqish uchun asosiy bogʻlovchi boʻgʻindir. Bu yoʻnalishning muhimligi Oʻrta yoʻlakka boʻlgan yuqori qiziqish bilan tasdiqlanadi. Toshkent oʻzbek yuklarini faqat Boku porti orqali tashish hajmi 26 foizga oshganini va 2024 yilda yillik hajm 1 mln tonnadan oshganini qayd etdi, 2026 yilga kelib esa bu koʻrsatkich 1,5 million tonnagacha oʻsishi prognoz qilinmoqda.

Ozarbayjondagi Alyat porti. Foto: president.az

Ushbu subregionning asosiy, ammo kritik boʻlmagan muammosi hozircha Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi munosabatlar boʻlib qolmoqda. Shu bois mamlakatlar oʻrtasidagi tinchlik muloqotini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tezroq tinchlik shartnomasi imzolanishiga, eski transport-kommunikatsiya infratuzilmasining ochilishiga va yangisining ishga tushirilishiga chaqirish Oʻzbekiston manfaatlariga mos keladi.

Uchinchi subregion Xitoy, Rossiya va Mongoliyadan iborat.

Darhol taʼkidlab oʻtaman, Mongoliya bu yerda joylashganining boisi u ushbu hududning tabiiy qismidir — u Xitoy va Rossiya bilan oʻralgan. Bundan tashqari, ushbu kamgap qoʻshnining imkoniyatlarini kamsitmaslik kerak. Shunga koʻra, Mongoliya u yoki bu tarzda Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatining yoʻnalishlaridan biri boʻladi.

Xitoy va Rossiyaga kelsak, bu yerda hamma narsa juda oddiy. Bu Markaziy Osiyoning eng katta va ambitsiyali ikki qoʻshnisi boʻlib, Toshkent ham, qolgan poytaxtlar ham ular bilan oʻz tashqi siyosiy kun tartibini muntazam ravishda muvofiqlashtirib turadi. Pekin va Moskvada mintaqamizga daxldor faol geosiyosiy, integratsiya va infratuzilma loyihalari mavjud — SHHT, «Bir makon, bir yoʻl», YEOII, KXSHT.

SHHT sammiti, 2026 yil sentyabr. Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston uchun Xitoy va Rossiya ikki asosiy savdo sherigi hisoblanadi. Xitoy «Bir makon, bir yoʻl» yoki Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli kabi transport-logistika loyihalarida muhim rol oʻynaydi. Bunday loyihalar Markaziy Osiyo orqali oʻtadi va mintaqaning oʻz tashabbuslarini toʻldirishi mumkin. Rossiya esa ham mahsulot sotish bozori, ham mehnat migratsiyasi yoʻnalishi, ham Yevropa bilan savdo qilish uchun tranzit davlat sifatida muhimdir, garchi bu komponent hozirda Ukrainadagi urush va Kremlga qarshi xalqaro sanktsiyalar tufayli beqaror boʻlsa-da.

Shunday qilib, Markaziy Osiyodan farqli oʻlaroq, strategik manfaatlar doirasida diplomatiyaning asosiy eʼtibori savdo-iqtisodiy hamkorlikka, infratuzilma va logistika loyihalariga qaratilishi kerak. Bu makonda sodir boʻlayotgan jarayonlar mamlakatimizga toʻgʻridan-toʻgʻri — turli darajada boʻlsa-da — taʼsir koʻrsatgani bois, Toshkentdan jiddiy siyosiy jalb etilganlik ham talab qilinadi. Bundan tashqari, bu faollik pragmatik boʻlishi va faqat mamlakat biror-bir taʼsir koʻrsatish uchun resurslarga ega boʻlgan sohalarga yoʻnaltirilishi lozim.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston diplomatiyasi ushbu makonga nisbatan tegishli kadrlar siyosatini yuritishi kerak. Diplomatlar, tahlilchilar va tadqiqotchilarni tayyorlash sezilarli darajada aynan shu yoʻnalishga moʻljallanishi lozim. Ushbu makondagi diplomatik vakolatxonalarimiz ustuvor ahamiyatga ega boʻlishi kerak va aynan oʻsha yerda — dunyoning rivojlangan mamlakatlarida emas — eng yaxshi kadrlar ishlashi lozim.

Strategik manfaatlar makonini belgilab olgach, Oʻzbekiston yanada uzoqroqqa — ufq ortiga qarashi kerak. Bu Oʻzbekiston u yoki bu sabablarga koʻra kuzatib borishi lozim boʻlgan hududlardir. U yerda bizning strategik yoki hayotiy muhim manfaatlarimiz yoʻq. U yerda sodir boʻlayotgan voqealar esa bizga zamonaviy jahon iqtisodiyotining oʻziga xos xususiyatlari, yetkazib berish zanjirlari, oʻzaro bogʻliqlik va hokazolar orqali taʼsir qiladi.

Bu makon biz uchun investitsiyalarni jalb qilish, mahsulot sotish bozorlari, zamonaviy yuqori texnologiyali sohalarda hamkorlik qilish, mahalliy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish nuqtai nazaridan, shuningdek, fuqarolarimizning mehnat migratsiyasi yoʻnalishi sifatida ham qiziqarlidir. Strategik manfaatlar doirasidan farqli oʻlaroq, u biz uchun geografik jihatdan muqarrar emas, alohida mamlakatlarning funktsiyalari esa muqobilga ega boʻlishi mumkin.

Bu yerda subregionlar bir xil emas va ularning har biri Oʻzbekiston diplomatiyasi uchun bir xil darajada muhim ahamiyatga ega emas.

Yevropa, AQSh, Kanada subregioni.

Ehtimol, bu ushbu kolonkaning eng bahsli qarorlaridan biridir. Shuning uchun bunday tanlovni batafsilroq tushuntirish lozim.

Boshlanishiga taʼkidlab oʻtaman, «Yevropa»ga men ham II aʼzolarini, ham qitʼaning boshqa mamlakatlarini, jumladan Ukraina, Moldova va Belarusni kiritaman. IIga aʼzolikka nomzod boʻlgan yoki bunday imkoniyatni koʻrib chiqayotgan mamlakatlar, jumladan Kiyev va Kishinyov davlat boshqaruvining institutsional-huquqiy bazasini II standartlariga moslab faol isloh qilmoqda. Va Bryussel bilan yuzaga kelayotgan qarama-qarshiliklarga qaramay, Yevropa institutlari va ularning standartlari bilan yaqinlashishda davom etmoqda. Minsk holatida esa aynan geografik omilni hisobga olish kerak. Strategik manfaatlar zonasida bu mamlakat boʻla olmaydi, chunki u biz uchun strategik jihatdan almashtirib boʻlmaydigan emas, uning geografik joylashuvi esa uni aynan shu yerga kiritishga undaydi.

II bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi, 2025 yil oktyabr.

Ushbu subregionning kun tartibini belgilovchi asosiy ishtirokchilari oʻxshash ijtimoiy-siyosiy voqelikda harakat qiladilar, oʻxshash siyosiy tilda gaplashadilar va oʻxshash bazaviy siyosiy qadriyatlar toʻplamini baham koʻradilar. Bundan tashqari, ular uchun Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlari ustuvor tashqi siyosiy yoʻnalishlarga kirmaydi — kimdir buning aksini isbotlashga qanchalik harakat qilmasin — demak, ular taqqoslanadigan hamkorlik vositalaridan foydalanadilar.

AQSh, Kanada va aksariyat Yevropa mamlakatlari ittifoqchilar boʻlib, ular oʻrtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarga qaramay, birgalikda ishlashda davom etmoqdalar. Masalan, mamlakatimiz bilan munosabatlarni oʻrnatishda ular bir xil xalqaro NNTlarning baholariga va xalqaro reytinglarga tayanadilar, shuningdek, koʻpincha iqtisodiy kun tartibiga inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, matbuot erkinligi va demokratiyalashtirish koʻrinishidagi siyosiy talablarni bogʻlaydilar.

Hozirgi vaqtda kritik minerallarga boʻlgan qiziqish, Xitoy bilan raqobat, shuningdek, Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashishi va Yaqin Sharqdagi urush tufayli muqobil transport-logistika yoʻnalishlarini izlash fonida Markaziy Osiyo mintaqasi va ushbu subregion mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalar jadalligi kuchaydi. Bu tomonlarning bir-birlariga nisbatan namoyishkorona iltifotlaridan koʻrinib turibdi. Va mening fikrimcha, bu tendentsiya vaqtinchalik boʻlsa-da, u muayyan sharoitlarda va xalqaro munosabatlar rivojlanishining muayyan bosqichida oʻzaro qiziqish ortishi mumkinligini koʻrsatadi.

Ikkinchi subregionga men Arabiston yarim oroli monarxiyalari, Yaman, Suriya, Iroq, Livan, Iordaniya, Isroil, Falastin va Misrni kiritaman.

Oʻzbekiston ushbu subregiondagi voqealar rivojini bir necha sabablarga koʻra eʼtibor markazida tutishi kerak. Birinchidan, u strategik manfaatlar makonining janubiy va gʻarbiy subregionlari bilan qoʻshni boʻlib, qoʻshimcha bozorlarga chiqish va global savdoga jalb etilish uchun muhimdir. Ikkinchidan, Isroil-Falastin mojarosi zonasidagi qarama-qarshilik, shuningdek, mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi beqarorlik vaqti-vaqti bilan Eron, Turkiya va Janubiy Kavkazga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan keskin eskalatsiyaga aylanib ketadi. Uchinchidan, baʼzi mamlakatlar, masalan, Saudiya Arabistoni va BAA Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalarida faol ishtirok etmoqda. 2025 yil oktyabr holatiga koʻra, qoʻshma oʻzbek-saudiya loyihalarining rasmiy portfeli 27 mlrd dollarga yetdi, BAA kompaniyalari bilan loyihalar portfeli esa 2025 yil oxiriga kelib 20 mlrd dollarni tashkil etadi.

Buxoro viloyatida Saudiyaning ACWA kompaniyasi shamol elektr stantsiyasi.

Nihoyat, ushbu makonning uchinchi subregioni Yaponiya, Janubiy Koreya va ASEAN zonasini birlashtiradi.

Geografik jihatdan uzoqligiga qaramay, Tokio va Seul Oʻzbekiston uchun muhim sheriklar hisoblanadi — ayniqsa investitsiyalarni jalb qilish sohasida. Masalan, 2025 yil oxiriga kelib oʻzbek-yapon loyihalari portfeli 20 mlrd dollardan oshdi, Koreya kompaniyalarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi esa 8 mlrd dollardan ziyodni tashkil etadi. Bundan tashqari, har ikki mamlakat oʻzlarining xalqaro hamkorlik agentliklari — JICA va KOICA orqali Toshkent bilan rivojlanishga koʻmaklashish loyihalarini amalga oshirishda faol hamkorlik qilmoqda.

JICA tomonidan taqdim etilgan mobil tomografiya kabinetlari.

ASEAN mamlakatlari bilan Toshkent hozircha bir tekis aloqa oʻrnatmagan. Soʻnggi bir necha yil ichida bir qator mamlakatlar bilan aloqalar faollashdi. Masalan, Indoneziya bilan erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralar boshlandi, Singapur bilan esa strategik va innovatsion sheriklik dasturini ishlab chiqish eʼlon qilindi. Oʻzaro hamkorlik jadalligi hozircha moʻʼtadil boʻlib qolmoqda, muzokaralar mazmuni esa koʻp jihatdan niyatlar toʻgʻrisidagi bayonotlar bilan cheklanmoqda. Ammo men buni qiziqishning yoʻqligiga emas, balki hozircha foydalanilmagan salohiyatga koʻproq bogʻlayman.

Umuman olganda, Oʻzbekiston ushbu makondagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borishi va vaqti-vaqti bilan paydo boʻladigan imkoniyatlardan foydalanishi kerak. Va ushbu makonga kiruvchi mamlakatlar Oʻzbekiston uchun birinchi navbatda investitsiyalarni jalb qilish, bozorlarga chiqish, texnologiyalar va bilimlar, inson kapitalini rivojlantirish nuqtai nazaridan qiziqarli boʻlgani bois, tashqi siyosiy faoliyatning eʼtibori aynan shu komponentlarga qaratilishi lozim. Bu yerda siyosiy jalb etilganlik yuqorida tilga olingan ikki makondagidek muhim emas. Shu bois ushbu makon mamlakatlari bilan hamkorlikning «siyosiy tarkibiy qismi» birinchi navbatda aniq loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashishi kerak.

Uchinchi tashqi daraja Oʻzbekistonning doimiy eʼtibor markazida boʻlmagan makonni ifodalaydi. Darhol aniqlik kiritaman: «periferiya» unga kiruvchi mintaqalar ahamiyatsiz ekanini anglatmaydi. Shunchaki, geografik uzoqlik va hamkorlikning nisbatan past jadalligidan tashqari, bu yoʻnalishlar mamlakat xavfsizligi va iqtisodiy rivojlanishi uchun almashtirib boʻlmaydigan hisoblanmaydi. U yerda sodir boʻlayotgan voqealar esa mamlakatga bilvosita taʼsir koʻrsatadi.

Diplomatik periferiya makoniga men uchta subregionni kiritaman.

Bular Afrika (Magʻrib va Sahroi Kabirdan janubdagi mamlakatlar), Karib havzasi va Lotin Amerikasi, Avstraliya va Okeaniya.

Buni Oʻzbekiston diplomatiyasining periferiyasi deb ataganim mamlakat bu yoʻnalishlarni rivojlantirmasligi kerakligini anglatmaydi. Ularni kuzatib borish va biror-bir foyda keltirishi mumkin boʻlgan vaziyatlarda faollikni oshirish lozim. Ammo ular avvalgi makonlar kabi bunday doimiy eʼtiborni va bunchalik katta hajmdagi diplomatik resurslarni talab qilmaydi.

Mana shunday Oʻzbekiston diplomatiyasi geografiyasi hosil boʻldi. Mening makonlar, subregionlar va boshqa jihatlar haqidagi qarashlarim bilan bahslashish mumkin. Ammo, mening nazarimda, Oʻzbekiston tomonidan oʻz tashqi siyosiy faolligi geografiyasining tashqaridan meros boʻlib qolmagan va oʻzlashtirilmagan oʻz qarashini ishlab chiqish jarayonining oʻzi muhimdir. Chunki busiz biz haqiqiy geosiyosiy oʻzlikni anglay olmaymiz va samarali tashqi siyosatni qura olmaymiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.