Ko‘kdaladagi «zapravka portlashi»: sud hujjatida 9 kishi halok bo‘lgani qayd etildi
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida 2025-yil 16-iyul kuni sodir bo‘lgan portlash va yong‘in

Ko‘kdaladagi «zapravka portlashi»: sud hujjatida 9 kishi halok bo‘lgani qayd etildi
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida 2025-yil 16-iyul kuni yuz bergan portlash va yong‘in bo‘yicha jinoyat ishi taftish instansiyasida ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlarida voqea oqibatida 9 nafar shaxs vafot etgani, yana 20 nafar kishi esa turli darajada tan jarohati olgani yozilgan.
Bu ko‘rsatkich dastlab e’lon qilingan rasmiy ma’lumotdan farq qiladi. Hodisa kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in natijasida 4 nafar fuqaro halok bo‘lganini bildirgan edi. Keyingi sud hujjatlarida esa qurbonlar soni 9 nafar deb ko‘rsatilgan. Raqamlar o‘rtasidagi tafovut taftish instansiyasi ajrimida alohida izohlanmagan.
Voqea 2025-yil 16-iyul kuni soat 14:40 lar atrofida Ko‘kdala tumanidagi aholiga suyultirilgan gaz tarqatish shoxobchasida sodir bo‘lgan.
Dastlab FVV yoqilg‘i saqlash rezervuarida chaqnash yuz berib, undan keyin yong‘in chiqqanini ma’lum qilgan. Hodisa joyiga to‘rtta yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilib, olov o‘chirilgan.
Sud hujjatlarida jinoyat ishining muhim qismi hujjatlarni qalbakilashtirish bilan ham bog‘liq ekani qayd etilgan. Ajrimga ko‘ra, mas’ul shaxslar gaz shoxobchasi qurilishi amaldagi tasdiqlangan loyiha talablariga mos kelmasligini bilgan bo‘lsa-da, qurilish-montaj ishlari loyiha hujjatlariga muvofiq bajarilgani haqida soxta ma’lumotnomalar rasmiylashtirgan. Jumladan, rezervuarlar loyihada yer ostiga o‘rnatilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda ular yer ustiga joylashtirilgan, binolar bilan xavfsiz masofa saqlanmagan, loyihada ko‘rsatilgan kompressor va elektrokontaktli manometrlar o‘rnatilmagan. Shunga qaramay, 2016 yilda va 2021 yil 15 dekabrda obyektning loyihaga mosligi haqida ma’lumotnomalar tayyorlangan va shu hujjatlar asosida shoxobcha 2017 hamda 2022 yillarda besh yillik litsenziya olgan.
Bundan tashqari, sud materiallarida rezervuarlar amalda tegishli sinovlardan o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, ularning texnik pasportlariga 2016, 2018, 2020, 2022 va 2024-yillarda suv bilan sinov o‘tkazilgani haqida soxta qaydlar kiritilgani ko‘rsatilgan. 2021-yilda esa rezervuar metalining qalinligi ekspertizadan o‘tkazilgani haqida ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumot yozilgan. Ajrimda shoxobcha egasi ushbu hujjatlarning qalbakiligini bilgan holda ulardan foydalangani qayd etilgan.
Shu bilan birga, «JShB» MChJga qarashli (firma nomi qisqartirib olindi, -tahr.) gaz tarqatish shoxobchasidagi ayrim texnologik qurilmalar loyiha hujjatlariga mos bo‘lmagan. Rezervuarlardan birida payvandlangan joy borligi, kompressor orqali bosim oshirilgani, bosimni chiqarib yuboruvchi xavfsizlik klapanlaridagi jo‘mraklar yopiq turgani va texnologik jarayonni to‘xtatishga xizmat qiluvchi elektrokontaktli manometrlar o‘rnatilmagani qayd etilgan.
Shu sabab rezervuar ichidagi bosim uning bardoshlilik chegarasidan oshib ketgan va portlash yuz bergan. Yong‘in atrofga tarqalib, gaz saqlash uchun mo‘ljallangan boshqa sig‘imga hamda shoxobcha yaqinidagi obyektlarga ham ta’sir qilgani sud materiallarida keltirilgan.
Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, gaz taqsimlash shoxobchasidagi suyultirilgan gaz saqlanadigan rezervuarlardan biri zarba ta’sirida yuqoriga ko‘tarilib, shoxobcha yonida joylashgan «Movarounnahr» oilaviy restorani hovlisiga borib tushgan. Sud hujjatida yozilishicha, shundan keyin yong‘in restoran hududida ham davom etgan va hodisa ko‘lami kengaygan. Tergov materiallarida portlashga rezervuarning butunligi buzilib, payvandlab yamalgan holda ishlatilgani, shu bois uning bosimga chidamliligi pasaygani, kompressor orqali bosim ortib ketgani, rezervuarga o‘rnatilgan chiqarib yuborish saqlagich klapanlaridagi jo‘mraklar yopiq turgani, havo harorati yuqori bo‘lgani hamda texnologik jarayonni avtomatik to‘xtatish uchun mo‘ljallangan elektrokontaktli manometrlar o‘rnatilmagani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Natijada rezervuar ichidagi bosim uning bardoshlilik chegarasidan oshib, portlash sodir bo‘lgan.
Ajrimda portlash va yong‘in oqibatida 9 nafar shaxs vafot etgani ko‘rsatilgan.
Shuningdek, hodisa joyida bo‘lgan 20 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Yong‘in oqibatida gaz shoxobchasi atrofidagi bir qator obyektlarga ham zarar yetgan. Sud materiallarida turar joy, «Movarounnahr» choyxonasi binosi, issiqxona, savdo markazi va «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filialiga tegishli obyektlar tilga olingan.
Hodisadan so‘ng jabrlanganlar va halok bo‘lganlar oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun budjet mablag‘lari hisobidan 1 mlrd 550 mln so‘m ajratilgani ham sud hujjatida qayd etilgan.
Voqea yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 205-moddasi — hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda 259-moddasi — yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Tergov jarayonida ish doirasi kengayib, ayrim mansabdorlarning harakatlariga Jinoyat kodeksining 207, 208 va 209-moddalari bo‘yicha ham huquqiy baho berilgan.
Ko‘kdala tuman sudi 2026-yil 19-mart kuni ish bo‘yicha hukm chiqargan. Keyin Qashqadaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2026-yil 7-iyulda birinchi instansiya hukmini bekor qilib, yangi hukm qabul qilgan.
Apellyasiya instansiyasi ayrim sudlanuvchilarga nisbatan ayblovlarni qayta kvalifikatsiya qilgan va ozodlikni cheklash jazolarini tayinlagan.
Xususan, sud hujjatida B.I.ga nisbatan yakuniy hisobda 3 yil 6 oy 28 kun ozodlikni cheklash, shuningdek, muayyan mansablarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi belgilangani ko‘rsatilgan.
Sh.B.ga nisbatan jinoiy harakatlar Jinoyat kodeksining 207-moddasi bo‘yicha qayta kvalifikatsiya qilinib, unga ham ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. E.I.ga nisbatan esa 208-modda bo‘yicha jazo belgilangan.
Ishning muhim jihatlaridan biri moddiy zararni qoplash masalasi bilan bog‘liq.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash maqsadida marhum Sh.J. («metan zapravka» egasi, -tahr)ning yaqin qarindoshlari tomonidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasining depozit hisobiga 4 mlrd 250 mln so‘m to‘langan.
Apellyasiya sudi ushbu mablag‘ni bir qator jabrlanuvchilar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlashni belgilagan edi:
– Ko‘kdala tumani hokimligiga – 1 mlrd 550 mln so‘m (vafot etgan va jabrlanganlar oilalari uchun);
– «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filialiga – 535 mln 808 ming 566 so‘m;
– bank kredit qarzini qoplash uchun – 1 mlrd 612 mln so‘m;
– zarar ko‘rgan avtomobillar egalariga 85 mln so‘m, 19 mln 743 ming 250 so‘m va 13 mln 612 ming 436 so‘m;
– yana bir fuqarolik da’vogari foydasiga 433 mln 835 ming 748 so‘m undirish nazarda tutilgan.
Biroq 2026 yil 2 oktyabr kuni Samarqand viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ishni taftish tartibida ko‘rib chiqib, apellyasiya hukmining aynan moddiy zararni undirishga oid qismini o‘zgartirdi.
Sud bunga marhum Sh.J.ga nisbatan jinoyat ishi uning vafot etgani sababli, aybdorlik masalasi hal qilinmasdan tugatilganini asos qilib keltirgan.
Taftish instansiyasi xulosasiga ko‘ra, aybi sud hukmi bilan aniqlanmagan shaxsning qarindoshlari to‘lagan mablag‘ni jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘ri emas.
Shu bois apellyasiya hukmining 4 mlrd 250 mln so‘mni jabrlanuvchilar va da’vogarlarga taqsimlash haqidagi qismi bekor qilindi.
Sud ushbu 4,25 mlrd so‘mni marhum Sh.J.ning yaqin qarindoshlariga qaytarishni belgiladi. Zarar ko‘rgan shaxslar va tashkilotlarga esa o‘z talablari bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo kiritish huquqi tushuntirildi.
Taftish instansiyasi apellyasiya hukmining boshqa qismlarini, jumladan, sudlanuvchilarga berilgan jinoiy-huquqiy baho va jazolarni o‘zgarishsiz qoldirgan. Shikoyat esa qanoatlantirilmagan.

