Ko‘k choy, bo‘tqa, qora non: ko‘pchilik “sog‘lom” deb o‘ylagan mahsulotlar chindan ham foydalimi?

Ko‘k choy, bo‘tqa, qora non: ko‘pchilik “sog‘lom” deb biladigan mahsulotlar rostdan ham foydalimi?
Biz qadoqlarda yozilgan “shakarsiz”, “yog‘siz”, “tabiiy”, “vitaminlar manbai” degan iboralarga ishonishga ko‘nikib qolganmiz. Marketologlar balandparvoz so‘zlar yordamida salomatlik, xushqomatlik va uzoq umrni va’da qilib, oddiy oziq-ovqatlarni “superfud”larga aylantirishni yaxshi o‘zlashtirib olishgan. Ammo tarkibiga sinchiklab qaralsa, sog‘lom ovqatlanishning ko‘plab ideallashtirilgan mahsulotlari o‘z jozibasini yo‘qotadi.
**Bo‘tqalar**
Azaldan nonushtada bo‘tqa yeyish ham foydali, ham mazali deb hisoblanadi. Biroq bu gap qadoqlangan tayyor bo‘tqa haqida emas, balki an’anaviy tarzda pishiriladigan bo‘tqa haqida ketmoqda. Chunki deyarli barcha tez tayyorlanadigan bo‘tqalarga ko‘p miqdorda shakar qo‘shiladi, yormaning o‘zi esa shunchaki qayta ishlangan dondir. Ularni iste’mol qilish organizmga hech qanday foyda bermaydi.
Ularning ayrimlarida uchraydigan meva va quritilgan rezavorlar bo‘laklarini deyarli e’tiborga olmasa ham bo‘ladi — ularning miqdori shu qadar ozki, bunday “to‘yimli” qo‘shimchalarning borligi deyarli sezilmaydi. Kuchli hidni ham ular emas, balki qo‘shilgan sun’iy aromatizatorlar beradi. Shuning uchun agar nonushtadagi bo‘tqadan voz kechmoqchi bo‘lmasangiz, erinmay uni o‘zingiz pishiring. Bunda ham imkon qadar sutda emas, suvda pishirgan ma’qul. Shunda u foydaliroq bo‘ladi.
**Myusli**
Tez tayyorlanadigan bo‘tqalardagi kabi, myusli tarkibida ham ko‘pincha qayta ishlangan donlar va shakar, shuningdek, uncha foydali bo‘lmagan boshqa yog‘lar bo‘ladi. Bundan tashqari, myusli kaloriyali yegulik hisoblanadi: 100 gramm mahsulotda taxminan 300 kaloriya bor. Demak, uning kaloriyasi yuqori, ammo ozuqaviy moddalar unchalik ko‘p emas.
Bu ayniqsa do‘konda sotiladigan, shokolad, turli xushbo‘ylantirgichlar va konservantlar qo‘shilgan shirin myuslilarga tegishli. Shuning uchun agar ertalab rostdan ham to‘yimli, qirsillab turadigan narsa yegingiz kelsa, yaxshisi bir hovuch yong‘oq yeng yoki uy sharoitida turli masalliqlardan myuslini o‘zingiz tayyorlang. Keyin uni yog‘siz yogurt, kam yog‘li sut yoki ma’danli suv bilan aralashtirib iste’mol qiling.
**Smuzi**
Quyuq konsistensiyali bu ichimlik, unga nima solganingizga qarab, organizmingizga juda foydali yoki mutlaqo foydasiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yaxshi kokteyllar tarkibiga meva va sabzavotlar kiradi. Ularga shokolad va muzqaymoq qo‘shilmaydi. Shuning uchun mazali va to‘yimli ichimligingiz faqat foydali mahsulotlardan iborat ekaniga ishonch hosil qiling.
**Ko‘k choy**
Hozir urf bo‘lgan ko‘k choy juda foydali mahsulot sanaladi. Biroq u folat kislotasining o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi, homiladorlik davrida iste’mol qilinsa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar xavfini oshiradi. Kuniga atigi 2-3 piyola choy ichilganda ham xavf yuzaga keladi.
Shuningdek, ko‘k choyni haddan tashqari ko‘p ichish jigar va buyrak kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, ko‘k choyni iste’mol qilish xavfli bo‘ladigan doza kuniga atigi 2 oddiy piyolani tashkil etadi. Bundan tashqari, uning tarkibidagi kofein asab tizimini qo‘zg‘atadi, shu sababli uyqu buzilishi va holsizlik kuzatilishi mumkin. Ichimlik uyqusizlik, taxikardiya, yuqori qo‘zg‘aluvchanlikdan aziyat chekuvchilarga ham tavsiya etilmaydi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, nafaqat mahsulotlarning o‘zi, balki ularning noto‘g‘ri kombinatsiyasi ham ziyon keltirishi mumkin. Masalan, agar siz yog‘siz tvorogga murabbo yoki jem qo‘shsangiz, organizm uchun foyda o‘rniga ichaklarda bijg‘ish jarayonini yuzaga keltirasiz. Bu esa hech qanday yaxshilikka olib kelmaydi: ushbu jarayon davomida toksinlar ishlab chiqariladi, bu esa ularni zararsizlantirishga urinadigan jigar va buyraklarga qo‘shimcha zo‘riqish beradi.
**Qora non**
Qora nonda oq nonga qaraganda kaloriya kamroq ekanini hamma biladi. Ammo shu bilan birga, qora nonda B vitamini ko‘proq bo‘lib, u uglevodlarni yog‘ga aylantiradi va organizmda ortiqcha yog‘ sifatida to‘planadi, bu esa ortiqcha vazn paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuning uchun nonni yanada foydaliroq va kaloriyasi undan ham kam bo‘lgan qarsildoq nonlarga almashtirgan ma’qul.

