«Kobalt»ning gaz ballonidan qariyb 42 kg opiy topildi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida toʻxtatilgan «Kobalt» avtomobilining gaz ballonidan 41 kilogramm 904 gramm opiy aniqlandi. Tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositasini olib ketish uchun kelgan ikki kishi hamda uning buyurtmachisi deb koʻrsatilgan shaxs ushlandi.

«Kobalt» gaz ballonidan qariyb 42 kg opiy aniqlandi
DXX ma’lumotiga ko‘ra, tadbir Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan
Toshkent viloyatidan kelayotgan avtomobilni Denov tumanida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan shaxs boshqargan. Mashina tuman hududida to‘xtatilib tekshirilganda, yukxonadagi gaz balloni ichiga 43 ta o‘ramda opiy yashirilgani ma’lum bo‘lgan.
Tezkor tadbir chog‘ida ushbu giyohvandlik vositasini olib ketish uchun kelgan, 1960 va 1983-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro qo‘lga olingan. Ular Denov va Sariosiyo tumanlarida yashaydi. Rasmiy xabarda ikkalasi ham avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangani qayd etilgan.
Keyingi bosqichda Sariosiyo tumanida yashovchi, 1978-yilda tug‘ilgan shaxs ham ushlangan. DXX uni qo‘shni davlatdan olib kelingan giyohvandlik vositasining buyurtmachisi sifatida ko‘rsatgan. U ham ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.

