Dunyo

Kiyevdagilar qish uchun yegulik va suv gʻamlay boshlashdi

Ukraina hukumati Rossiya harbiylari qishda energetika obyektlariga zarbalarni kuchaytirishini kutmoqda.

Kiyev aholisi qish uchun oziq-ovqat va suv zaxiralashni boshladi

Kiyev hukumati yaqinlashib kelayotgan qishda uzoq davom etadigan elektr uzilishlariga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Bugun shahar ma’muriyati oziq-ovqat hamda ichimlik suvi zaxiralari tayyorlab qo‘yilgani haqida ma’lum qildi.

Bu zaxiralar yordamida shaharda 25 ming kishiga issiq ovqat yetkazib berish mumkin. Meriyadagilarning aytishicha, bu mahsulotlar avvalo kam ta’minlangan fuqarolar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, zaxiralar blekaut yuz berganda «Matonat punktlari»da, favqulodda vaziyatlardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va qutqaruv xizmati xodimlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun ham ishlatilishi mumkin.

Rasmiylar qo‘shimcha ravishda yana 20 mingta oziq-ovqat to‘plami xarid qilish rejalashtirilganini bildirgan.

Bir necha kun avval Kiyev meriyasidagilar aholining eng zaif qatlamlari uchun joylashtirish punktlari ham tayyorlanganini aytgandi. Hozircha 1300 dan ortiq yolg‘iz keksalar, 400 ga yaqin nogiron farzandi bor oilalar va 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsdan qishki turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha arizalar kelib tushgan.

Ukraina hukumati sovuq tushishi bilan Rossiya o‘tgan qishlardagidek yirik shaharlardagi energetika infratuzilmalariga hujumlarni kuchaytirishini taxmin qilmoqda. O‘tgan yil qishida bunday zarbalar yuz minglab odamlarning kuchli sovuqda bir necha kun davomida yorug‘lik va issiqliksiz qolishiga sabab bo‘lgandi. Kiyev kelayotgan qishda hujumlar oqibati ancha og‘irroq bo‘lishidan xavotirda, chunki Rossiya allaqachon Ukraina energiya ishlab chiqarish quvvatlarining 80 foizini yo‘q qilgan.

Ukraina energetika vaziri Denis Shmigal avgust oyida rossiyalik harbiylar qishda nafaqat energetika obyektlariga, balki Ukraina suv ta’minoti tizimlariga ham hujum qilishini taxmin qilgandi. «O‘tgan qishda ular elektr tarmoqlari va isitish tizimlariga zarar yetkazgan, ammo elektr bo‘lmasa ham, gaz va suv bo‘lsa, omon qolish mumkin edi. Suv va kanalizatsiyasiz esa uch kundan ortiq bardosh berish juda qiyin», – degandi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.