Dunyo

Kiyevda raketa toʻqqiz qavatli uyga urildi

13-oktabr kuni Rossiyaning Kiyevga hujumi oqibatida ikki kishi halok boʻldi, 21 kishi jabrlandi. Shahar meri Vitaliy Klichkoga koʻra, raketa toʻqqiz qavatli turarjoyga urilgan. Jabrlanganlar orasida sakkiz yoshli bola ham bor.

Kiyevda raketa toʻqqiz qavatli uyga kelib urildi

DW maʼlumotiga koʻra, raketa Kiyevning shimoli-sharqidagi Desnyanskiy tumanida joylashgan uyga tushgan. Binoning pastki sakkiz qavatidagi xonadonlarda yongʻin chiqqan.

Klichko 16 nafar jarohatlangan kishi kasalxonaga yotqizilganini, ulardan toʻrt nafari ogʻir ahvolda ekanini aytgan.

Mer, shuningdek, Solomenskiy tumanida dron ofis binosiga urilgani, Darnitskiy tumanida dron parchalari stadion hududiga tushgani va Desnyanskiy tumanida omborxona yonganini maʼlum qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, hujum nishoni Kiyevning asosiy energetika obyektlaridan biri — 4-issiqlik elektr markazi boʻlgan. Zarba Donald Tramp eʼlon qilgan energetik sulh fonida amalga oshirilgan.

Zelenskiy hamkorlar Ukrainani Rossiya ballistik raketalarni uchirgani haqida ogohlantirmaganini taʼkidlagan. U energetika obyektlari vayron qilinayotgan bir vaqtda hatto raketa uchirilishi haqida ogohlantirish ham olinmayotganini adolatsizlik deb baholagan.

Ukraina prezidenti AQSH voqealarni va urush davom etayotgani uchun kim javobgar ekanini koʻrishi muhimligini aytgan. U Ukraina razvedkasi maʼlumotlariga tayangan holda, Rossiya yangi ballistik raketa zarbalariga tayyorlanayotganini ham bildirgan.

Ayni kuni Vashingtonda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Donald Tramp AQSH Ukrainaga razvedka maʼlumotlarini bermayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

«Biz ularga yordam beryapmiz va razvedka maʼlumotlarini almashyapmiz», - degan Tramp. Uning aytishicha, AQSH urushni tugatish uchun Ukraina va Rossiya bilan ishlamoqda.

Avvalroq Tramp Vladimir Putin tinchlik kelishuviga Zelenskiydan koʻra koʻproq qiziqish bildirayotganini aytgan edi. Energetik sulh buzilgani haqidagi savolga esa «qoidabuzarliklar har ikki tomondan boʻlganini» bildirgan.

Bu Ukraina shaharlariga soʻnggi kunlardagi navbatdagi hujumdir. 13-oktabrga oʻtar kechasi Xarkivga berilgan zarba oqibatida, shahar meri Igor Terexov maʼlumotiga koʻra, uch kishi halok boʻlgan. 12-oktabr oqshomida Kiyevdagi 25 qavatli uyga dron urilishi natijasida esa ikki kishi hayotdan koʻz yumgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa Kiyevdagi harbiy-sanoat korxonalari va logistika markazlariga, jumladan, dron ishlab chiqarish sexi hamda lokomotiv deposiga zarbalar berilganini daʼvo qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.