KIUT Business School va Narxoz Business School hamkorligida MBA dasturi ochiladi
Kimyo International University in Tashkent va Qozog‘istonning Narxoz Business School biznes maktabi O‘zbekistonda rus tilida MBA, Executive MBA va DBA dasturlarini birgalikda amalga oshiradi.

**KIUT Business School va Narxoz Business School hamkorligida MBA dasturi yo‘lga qo‘yiladi**
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) negizida Qozog‘istonning yetakchi universitetlaridan biri — Narxoz University tarkibidagi Narxoz Business School (NBC) bilan hamkorlikda biznes ta’limining yangi yo‘nalishi ishga tushirildi.
Narxoz Business School QS Global MBA 2025 reytingiga ko‘ra Osiyoning top-50 biznes maktablari qatoridan joy olgan. Shuningdek, maktab Association of MBAs (AMBA) va Business Graduates Association (BGA) xalqaro qo‘shma akkreditatsiyasiga ega bo‘lib, bu ta’lim dasturlari, akademik muhit va boshqaruv tizimining biznes ta’limi bo‘yicha xalqaro standartlarga mosligini tasdiqlaydi.
AMBA akkreditatsiyasi jahon biznes ta’limi hamjamiyatining top-2 foiziga kiruvchi biznes maktablari dasturlarini birlashtiradi. Ushbu xalqaro tarmoqqa INSEAD, IMD, ESMT Berlin, London Business School va HEC Paris kabi nufuzli biznes maktablari ham kiradi.
Xalqaro akkreditatsiya faqat belgilangan standartlarga javob berish bilangina cheklanmaydi. U ta’lim dasturlarini bozor talablari, ish beruvchilar fikri va bitiruvchilarning professional natijalarini inobatga olgan holda muntazam takomillashtirib borishni ham nazarda tutadi. Akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar tinglovchilari va bitiruvchilari 150 dan ortiq mamlakatdan qariyb 80 ming tinglovchi va bitiruvchini birlashtirgan AMBA global hamjamiyatiga qo‘shilish imkoniga ega bo‘ladi.
Narxoz Business School 17 yillik faoliyati davomida MBA, Executive MBA, DBA va korporativ ta’lim dasturlari bo‘yicha 3000 dan ortiq tadbirkor, top-menejer va soha mutaxassislarini tayyorlagan.
KIUT va NBS hamkorligi doirasida MBA, Executive MBA va DBA dasturlari rus tilida olib boriladi.
Dasturlarning asosiy maqsadi — boshqaruv tafakkurini rivojlantirish, to‘plangan professional tajribani qayta tahlil qilish hamda tez o‘zgarayotgan iqtisodiy sharoitda biznes uchun yangi yechimlarni izlashga xizmat qiladigan muhit yaratish. Ta’lim jarayoni akademik ekspertiza, xalqaro tajriba va real boshqaruv vazifalari ustida ishlashni uyg‘unlashtiradi.
Ochilish marosimida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti ta’sischisi Alisher Vahobov, Narxoz University prezidenti Kanat Kozhakhmet, Narxoz Business School dekani Gulnara Kurenkeyeva hamda Kimyo Business School prezidenti Ulug‘bek Vosiqov ishtirok etdi.
Tadbir doirasida o‘zgarishlar davrida liderlik va boshqaruv masalalariga bag‘ishlangan munozara, MBA, Executive MBA va DBA dasturlari taqdimoti hamda hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Narxoz Business School qo‘shma loyihasi O‘zbekistonda biznes ta’limini rivojlantirish uchun yangi maydon yaratadi. Bu yerda boshqaruv tajribasi akademik ekspertiza, xalqaro amaliyot va professional muloqot bilan uyg‘unlashadi.

