Siyosat

“Kiselyov ustida qora bulutlar”. Kreml “Rossiya 1” telekanalining taniqli targ‘ibotchisini ishdan olmoqchi

“Kiselyov ustida qora bulutlar”. Kreml “Rossiya 1” telekanalining taniqli targ‘ibotchisini ishdan olmoqchi

Rossiya prezidenti administratsiyasi “Rossiya 1” telekanalida 2012-yildan buyon “Vesti nedeli” (Hafta xabarlari) dasturini olib borayotgan mashhur boshlovchi Dmitriy Kiselyovni efirdan chetlatish niyatida. Bu haqda siyosiy doiralar va huquq-tartibot organlari faoliyatini yorituvchi “VCHK-OGPU” Telegram kanali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Kuzatuvchilar Kiselyovni federal telekanal efiri orqali tajovuzkor ritorikani ilgari surishda va yangiliklarni jurnalist etikasidan chetga chiqqan holda dramatizm bilan taqdim etishda ayblashadi. Ma’lum qilinishicha, yangi televizion mavsumdan boshlab uning o‘rnini vaqtincha Rossiya Davlat Dumasining sobiq deputati Yevgeniy Popov egallashi mumkin.

Kanal suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Kreml Kiselyovdan tobora norozi bo‘lib, unga nisbatan bir qator e’tirozlar to‘plangan. Bular orasida “Vesti nedeli” dasturiga tomoshabinlar qiziqishining pasayishi, boshlovchining ziddiyatli xarakteri, boshqa fikrlarga toqatsizligi hamda prezident administratsiyasi amaldorlarining tavsiyalariga quloq solishni istamasligi bor.

Manbalar Kiselyov nafaqat efirdan chetlatilishi, balki 2013-yilda tashkil etilgan “Rossiya segodnya” axborot agentligi bosh direktori lavozimidan ham ozod etilishi mumkinligini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, targ‘ibotchi keyinchalik “faxriy nafaqaxo‘r” sifatida ramziy lavozimga tayinlanishi mumkin.

“VCHK-OGPU” manbasining aytishicha, 72 yoshli boshlovchi o‘zi haqida tayyorlanayotgan qarordan xabardor bo‘lib, bu uni qattiq ta’sirlantirgan.

“U ‘Vserossiya’ davlat teleradiokompaniyasi (VGTRK)ning Yamskoye pole ko‘chasidagi bosh qarorgohida qora bulutdek qorayib yuribdi. Kiselyov o‘zining intrigalar va chaqimchiliklar qurboni bo‘lganiga ishonmoqda”, degan kanal suhbatdoshi.

Dmitriy Kiselyov Rossiya targ‘ibotchilari orasida eng taniqli shaxslardan biri hisoblanadi. Vladimir Putin uni 2013-yilda tashkil etilgan “Rossiya segodnya” axborot agentligiga bosh direktor etib shaxsan tayinlagan.

Kiselyov Qrim anneksiya qilingan vaqtda o‘zining keskin bayonoti bilan keng tanilgan. O‘shanda u Rossiya ixtiyorida “AQSHni radioaktiv kulga aylantirishga qodir” qurollar borligini aytgandi. Shundan so‘ng targ‘ibotchi Qo‘shma Shtatlar va Yevropa davlatlarining sanksiyalariga tushgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.