Kinorejissyor Zulfiqor Musoqovga Prezident sovg‘asi – Yangi Toshkentdan xonadon berildi
Bugun, 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari

Kinorejissyor Zulfiqor Musoqovga Prezident sovg‘asi sifatida Yangi Toshkentdan xonadon berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqovga Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylardan 3 xonali xonadon hadya qildi.
Bugun, 26-oktyabr kuni o‘tkazilgan tadbirda Prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon Davlatov kinorejissyorga 88 kvadrat metr maydonga ega xonadon kalitini topshirdi.
Kutilmagan sovg‘adan hayajonini yashirmagan Zulfiqor Musoqov davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tiborni alohida qayd etdi.
«Bizga juda yoqdi, boshimiz osmonga yetdi. Chunki hammasi joyida. Bir soat oldin bunday voqea bo‘lishini xayolimga ham keltirmagandim. Bu men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi», — dedi rejissyor.
Uning aytishicha, o‘zi va oilasi 45 yildan buyon uch xonali xonadonda yashab keladi. Farzandlarini shu uyda voyaga yetkazgan, nevaralari ham shu yerda ulg‘aymoqda.
Kinorejissyor Prezidentning san’at va madaniyat vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslariga ham to‘xtaldi. U ijodkorlar uchun soliq imtiyozlari, uy-joy va ijtimoiy sharoitlarni yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
«Aktyorlarimiz bor, rejissyorlarimiz bor, yozuvchilarimiz bor. Ular butun umrini mana shu sohaga bag‘ishlagan. Masalan, men ham kino olishdan boshqa ishda o‘zimni tasavvur qilolmayman. Butun umr shu sohada ishladim.
O‘ylaymanki, bugungi e’tibor san’atkorlar va butun ijodkorlar uchun bir debocha», – dedi Musoqov.
Rejissyorning turmush o‘rtog‘i ham yangi xonadondan mamnun ekanini bildirib, Prezidentga oilasi nomidan minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, bugun, 26 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Renessans» kino uyiga tashrif buyurib, kinematografiya sohasi xodimlari bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Uchrashuvda sohada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar muhokama qilinishi, shuningdek, Zulfiqor Musoqovga Prezident sovg‘asi sifatida xonadon berilgani jamoatchilikka e’lon qilinishi kutilmoqda.

