Kim kimni qurollantirmoqda? Dunyoda qurol yetkazib berish xaritasi
2021–2025-yillarda dunyo boʻylab asosiy turdagi qurol-yarogʻlarni yetkazib berish hajmi avvalgi besh yillikka nisbatan 9,2 foizga oshgan. AQSH koʻplab davlatlarni qurol bilan taʼminlayotgan boʻlsa, ayrim eksportchilarning yetkazib berishlari asosan bitta mamlakatga toʻgʻri kelmoqda.

Kim kimni qurollantirmoqda? Dunyodagi qurol yetkazib berish manzarasi
Naked Science nashri Stokholm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti — SIPRI maʼlumotlariga tayangan holda, yirik qurol eksportchilarining asosiy hamkorlari haqida yozdi.
Maʼlumotlar qurol yetkazib berishda ikki xil yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi. AQSH kabi yirik eksportchilar ko‘plab davlatlar bilan ishlaydi. Boshqa ayrim mamlakatlarda esa bitta qabul qiluvchi davlat butun eksportning katta qismini tashkil etadi.
Bunday tafovutlar uzoq yillik harbiy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik tahdidlari yoki davom etayotgan qurolli mojarolardagi ehtiyojlar bilan izohlanishi mumkin.
2021–2025-yillarda Saudiya Arabistoni asosiy turdagi qurol-yarog‘lar importi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallagan. Mamlakat qurol importining 77 foizi AQSH hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik bir necha o‘n yillik tarixga ega. Amerika samolyotlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa zamonaviy qurollar Saudiya Arabistonining harbiy salohiyatini kuchaytirish, mintaqaviy tahdidlarni tiyib turish hamda muhim infratuzilmani himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Biroq xalqaro qurol yetkazib berishning hammasi ham savdo-sotiq emas. Qurollar, ayniqsa faol jangovar harakatlar davrida, harbiy yordam sifatida ham beriladi.
Masalan, 2021–2025-yillarda Ukraina AQSH, Germaniya, Polsha va boshqa mamlakatlardan asosiy turdagi qurol-yarog‘larni qabul qilib, dunyodagi eng yirik oluvchiga aylangan.
Yetkazib berilayotgan qurollar turli vazifalarni bajaradi. Ayrimlari janglarda yo‘qotilgan texnika va sarflangan zaxiralar o‘rnini to‘ldirsa, boshqalari armiyani modernizatsiya qilish, ehtimoliy hujumlarni tiyib turish yoki kelajakdagi tahdidlar uchun zaxira yaratishga xizmat qiladi.
SIPRI reytingi qurollarning puldagi qiymatini emas, yetkazib berilgan asosiy turdagi qurol-yarog‘lar hajmini baholaydi. Shuningdek, bu ko‘rsatkichlar qurollarning keyinchalik jangovar harakatlarda ishlatilgan yoki ishlatilmaganini aks ettirmaydi.

