Kilian Mbappe o‘zi haqidagi “diktator” memlariga munosabat bildirdi

Kilian Mbappe o‘zi haqidagi “diktator” memlariga munosabat bildirdi
Fransiya terma jamoasi hamda Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe o‘zini diktator qiyofasida ko‘rsatadigan memlar borasida fikr bildirdi.
“Boshqalarni o‘ldirgan yoki millionlab odamlarni baxtsiz qilgan insonlarga qiyoslanish... Hayotimda bunday ishlar qilganman deb o‘ylamayman. Shunday ekan, bu yerda hamma narsa aralashib ketgan. Bir tomondan, bularning bari shunchaki yengil hazil ekani va chuqur ma’no kasb etmasligini bilaman, ammo ba’zida bu narsa odamlarda siyosiy va insoniy ong yetishmasligini ko‘rsatib qo‘yadi”, deydi Mbappe.
Futbolchi, shuningdek, uni hazil tariqasida “Mobut” (1965–1997-yillarda Zairda, hozirgi Kongo Demokratik Respublikasida hukmronlik qilgan diktator Mobutu Sese Sekoga ishora) deb ataydigan terma jamoadagi sherigi Usmon Dembeledan ranjimaganini alohida qayd etdi:
“Usmon — boshqa masala. U buni ijtimoiy tarmoqlardan olgan, shunchaki hazillashadi, xolos”, deb qo‘shimcha qildi hujumchi.
Ma’lumot uchun, Mbappe ilk bor 2024-yilda Marseldagi kabobxona bilan bog‘liq sud ishi sababli “diktator” degan nom olgan edi: o‘shanda futbolchining advokatlari uning ismidan taomnoma ro‘yxatida ruxsatsiz foydalanilgani uchun sudga berish bilan tahdid qilgan, muassasa egasi esa sportchini omma oldida diktator deb atagan edi.
Bu obraz JCH—2026 vaqtida Mbappega butunlay yopishib oldi. Turnir davomida tarmoq foydalanuvchilari sun’iy intellekt yaratgan “Kilian — diktator” treki ostida ommaviy ravishda videolar tayyorlay boshladi. Muxlislar Mbappeni harbiy libosda va ordenlar taqqan holda tasvirlab, uning maydon ichidagi va tashqarisidagi xatti-harakatlarini “farmonlar” sifatida talqin qildi. Bunga bir nechta holat sabab bo‘lgandi: iroqliklarga qarshi o‘yinda Mbappe stadion xodimlariga maydonning qayeridan suvni tozalash kerakligini ko‘rsatgan bo‘lsa, Norvegiya bilan bahsda hakamdan sardorlik bog‘ichini sherigiga olib berishni so‘ragandi.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe JCH—2026 da turnirning eng yaxshi to‘purariga aylandi. U Fransiya terma jamoasi safida 8 ta o‘yinda 10 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Shuningdek, u 66 ta gol bilan milliy terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.

