Kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlarga mikrokredit ajratish kengaytiriladi

Kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun mikrokreditlash imkoniyatlari kengaytiriladi. O‘zbekistonda mikromoliyalash bozorida mikrokreditlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Prezidentning 28-avgustda kuchga kirgan farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga 36 oydan oshmagan muddatga mikrokreditlar beriladi.
Mikromoliya tashkilotlariga maqsadli va qayta tiklanuvchi kredit liniyalari ajratish, kredit portfellarini qayta moliyalashtirish, kafolat taqdim etish hamda texnik ko‘mak ko‘rsatish belgilangan. Bunda kiritilgan investitsiyalar shartlari va muddatlari Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, kompaniyaning asoslangan buyurtmasiga binoan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2028-yildan boshlab har yili Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada byudjet ssudasi ajratiladi. Bu mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga taqdim etiladi.
Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari mikromoliya tashkilotlari, banklar hamda kompaniya ta’sischiligidagi Mikromoliyalash xizmatlarini rivojlantirish korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ketma-ket ikki yil davomida soliq va kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajargan, ish o‘rinlarini saqlagan hamda sof foyda bilan yakunlagan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun 120 oydan oshmagan muddatga 5 milliard so‘mgacha asosiy stavkadan ikki foiz past stavkada kredit ajratilishi ham belgilangan.

