Kianu Rivz 62 yoshda: qizi va rafiqasidan ayrilgan livanlik aktyorning fojiali hayoti haqida

Kianu Rivz 62 yoshda: qizi va rafiqasidan ayrilgan livanlik aktyorning fojiali hayoti haqida
“Gollivuddagi eng qayg‘uli yigit” va “Eng mashhur sargardon” degan nomlarga sazovor bo‘lgan Kianu Rivz hayotidagi ketma-ket ko‘ngilsizliklar sabab kulishni deyarli unutgandi. Biroq yillar o‘tib, uni yana tabassum qilishga o‘rgatgan inson haqidagi qiziqarli hikoyani e’tiboringizga havola etamiz.
“Tog‘ cho‘qqilaridan sovuq shamol”
Kianu 1964-yil 2-sentyabrda Livanda tug‘ilgan. Gavayi tilidan tarjima qilinganda “tog‘ cho‘qqilarining sovuq shamoli” degan ma’noni anglatuvchi Kianu ismini unga otasi bergan. Afsuski, bu uning o‘g‘liga qoldirgan yagona merosi edi. Kianu uch yoshga kirganida ota-onasi ajrashib ketgan. Onasi Patrisiya yoshligida raqqosa bo‘lgan, keyinchalik liboslar dizayneri sifatida ishlagan. U intervyusida hech qachon o‘zini namunali ona deb bilmasligini, o‘g‘li va qizining ulg‘ayishini shunchaki kuzatib borayotganini ham yashirmagan. Ikkinchi turmush o‘rtog‘i, kinorejissyor Pol Aaron uning butun oilasini o‘z vatani — Kanadaga ko‘chirib ketgan.
Kianu ulg‘ayib, maktabga bordi va u yerda kutilmaganda disleksiya deb ataladigan muammoga duch keldi. U besh yil ichida to‘rtta maktabni almashtirdi. Chunki o‘qituvchilar uning o‘ziga xosligini tan olishni istamas, ulardan talab qilinadigan narsa hamma kabi bo‘lish edi. Shikoyatlar va muvaffaqiyatsizliklar yosh Kianuni sindira olmadi: u xokkeyga qiziqa boshladi. Muz ustida chaqqon, kuchli va tez harakat qilardi. Ammo bir kuni jarohat olib, klub bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi.
Shu paytga kelib, Kianu boshqa bir sevimli mashg‘ulot topgandi: u havaskorlar teatrida o‘ynay boshladi. 15 yoshida “Romeo va Julyetta”da Merkutsio rolini ijro etib, mahoratini namoyish qildi. Bu orada maktabdagi o‘qish hali ham yaxshi emasdi va bir kuni Kianu aktyor bo‘lish orzusida o‘qishni tashlab ketdi. Va bu maqsad sari shunchaki yurib qo‘ya qolmadi: qayerda bo‘lsa ham pul topishga urinardi. Daraxt kesdi, maysazorlarni tekisladi. Sport do‘konida konkilarni charxladi. Va, albatta, sevib ham qoldi.
Tasodifiy va baxtli romantika. Bu paytga kelib, Kianu allaqachon bir nechta muvaffaqiyatli filmlarda rol o‘ynagan edi: unga o‘gay rejissyor otasi ilk rollarida yordam bergan. Dastlabki rollardan so‘ng “Ota-onalar”, “Mening shaxsiy Aydaho shtatim”, “Drakula” kabi filmlarda suratga tushdi. Jennifer ham kino olamiga kirishga urinib ko‘rdi, ammo bu boshqa hikoya edi.
Chunki uning xatti-harakatlari odatiy aktrisalarnikidan farq qilardi. U qizga g‘amxo‘rlik qila boshladi, munosabatlari juda tez rivojlandi va ikkalasi ham shu qadar baxtli ko‘ringanidan atrofdagilar bunga shubha qilmadi. Ular Gollivuddagi eng chiroyli juftliklardan biriga aylangandi. Juftlik birga yashay boshladi va tez orada Jennifer farzand kutayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular tug‘ilajak qizlari uchun o‘yingoh qurdi, ism tanladi...
Ammo tug‘uruqqa bir oy qolganda ona qornidagi jajji yurak urishdan to‘xtadi. Juftlik uchun bu musibatga chidash juda og‘ir bo‘ldi: ularda faqat orzularining parchalari qolgan edi. Kianu va Jennifer bu fojiadan keyin o‘ziga kela olmadi. Birga yashash ularga hammasini qayta-qayta eslataverdi va shu sabab ajrashishga qaror qilishdi. Oradan bir yil o‘tib Jennifer ham g‘oyib bo‘ldi. U ruhiy tushkunlik bilan kurashishga urinib, spirtli ichimliklarga ruju qo‘ydi va mast holatda mashina boshqarib, avtohalokatga uchradi.
Bu Kianuni kutayotgan so‘nggi sinov emasdi. Singlisi Kimning leykemiya bilan og‘riganini bilgach, u yana faol harakatga tushdi. Eng yaxshi shifokorlarni topdi, kerakli dori-darmonlarni oldi, singlisi bilan doim birga bo‘ldi, filmlarda suratga tushishni to‘xtatdi. Quvnoq musiqaga raqs tushib, holdan toygan singlisini quchoqlar, hech bo‘lmaganda uning yuziga tabassum olib kelishga urinardi. Shundan so‘ng kasallik biroz chekingandek bo‘ldi. Kim sog‘ayib ketgach, aktyor onkologiyaga qarshi jiddiy kurash e’lon qildi: u dori-darmon ishlab chiqarishga katta mablag‘ ajratdi va saraton bilan kasallanganlar uchun fond tashkil etdi.
Bir muddat aktrisa Kler Forlani Kianuning hamrohiga aylandi. U o‘sha paytda uy sotib olishni istamasligi va arzon mehmonxonada yoki ijarada yashash odati bilan barchani hayratga solgandi. Kianu Kler bilan uchrasha boshlagach, baribir uy sotib oldi: mish-mishlarga ko‘ra, aktyor buni aktrisaning ta’siri ostida qilgan. Atrofdagilar esa to‘y haqidagi xabarni kutardi. Ammo bu borada hech qanday gap bo‘lmadi. Qolaversa, juftlik birdaniga hech kimga hech narsani tushuntirmasdan ajrashdi. Kianu jurnalistlarning barcha savollariga xotirjamlik bilan “Kler ikkimiz shunchaki do‘stmiz” deb javob berdi.
Shundan so‘ng aktyor yana yolg‘iz qoldi, ko‘cha va xiyobonlarda sarson kezdi, o‘rindiqlarda uzoq vaqt xayol surdi, hatto kabutarlarni ovqatlantirganda yoki yaqin atrofda o‘ynayotgan bola bilan suhbatlashganda ham yuzidan g‘am ketmasdi. Kiyimlari beo‘xshov, soch-soqoliga uzoq vaqt qaychi tegmagani sabab qisqa fursatda xuddi uysiz odamga o‘xshab qolgandi. Qarindoshlari Kianuning ahvolidan xavotirda edi: aftidan, u fojiali voqealardan keyin o‘ziga kela olmagan, ichida qora tubsizlik paydo bo‘lgandi. Shunga qaramay, u oldinga intilishni davom ettirdi, ammo katta gonorarini uy, mashina va zargarlik buyumlariga emas, balki xayriya va sovg‘alarga sarfladi. Masalan, afsonaviy “Matritsa” filmini suratga olish uchun olgan barcha pullarini aktyor vizajist, kompyuter texniklari va kadr ortidagi boshqa “mehnatkashlar”ga taqsimlab berdi. Shuningdek, har bir kaskadyor Kianudan sovg‘a sifatida hashamatli velosipedlar oldi.
O‘sha davrda Kianu she’r yozishni boshladi. She’riyatga bo‘lgan muhabbat uni 2009-yilda tanishgan rassom Aleksandra Grant bilan yaqinlashtirdi. Rivzning she’rlari Aleksandrani rasm va haykallar yaratishga ilhomlantirdi: u aktyorni chinakam noyob sovg‘a bergan haqiqiy daho deb bildi. Aktyor ham Aleksandraning o‘zini unutib, ijodga to‘liq sho‘ng‘ish qobiliyatidan hayratda qoldi.
Ko‘rinishidan, Aleksandra Grant Rivzning hayotga qiziqishini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq ayrim muxlislar ayolning tashqi ko‘rinishidan hayratga tushdi: Aleksandra mashhur aktyorning yonidagi inson sifatida odatiy tasavvurlarga mos kelmasdi, u oqargan sochlarini yashirmas va yoshroq ko‘rinishga urinmasdi. Bundan tashqari, u Kianudan katta ko‘rinsa-da, aslida uning yoshi aktyornikidan to‘qqiz yosh kichik.
Bugun Kianu Rivzni avvalgidek yolg‘iz va g‘amgin holda tasavvur qilish qiyin. Aktyor hanuz shaxsiy hayotini ommadan yiroqda saqlaydi.
2026-yil may oyida Kianu va Aleksandra Los-Anjelesdagi MOCA Gala tadbirida birga qatnashdi. Ular qo‘l ushlashib, kameralar qarshisida bir-biriga bo‘lgan mehrini yashirmadi. Grantning so‘zlariga ko‘ra, ikkalasi bir-birining ijodiga hurmat bilan qaraydi va istalgan muammo yoki ijodiy g‘oya haqida uzoq suhbatlashishi mumkin.

