Keskin tormozlanish elektromobil akkumulyatori eskirishini 2,5 barobarga tezlashtiradi tadqiqot

**Tadqiqot: Keskin tormozlanish elektromobil akkumulyatorining eskirishini 2,5 barobarga tezlashtiradi**
Shanxay Dyanji universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, elektromobil akkumulyatorining eskirishiga yuqori tezlik emas, balki keskin tormoz berish va joyidan shiddat bilan qo‘zg‘alish sabab bo‘lar ekan. Muntazam ravishda bunday uslubda haydash akkumulyator sig‘imining silliq va tejamkor uslubdagiga nisbatan qariyb 2,5 baravar tezroq yo‘qolishiga olib keladi.
Tadqiqot guruhi 2022-yil davomida Guanchjou shahri bo‘ylab harakatlangan 15 ta elektromobilning ma’lumotlarini tahlil qildi. Avtomobillarning bort tizimlari har 10 soniyada tezlik, akkumulyator toki kuchi, quvvat darajasi, kuchlanish va haroratni qayd etib borgan. Olimlar ushbu ko‘rsatkichlar asosida haydovchining qanchalik keskin tezlanish va tormozlanishini aniqlaganlar.
Haydash uslubining akkumulyator eskirishiga ta’sirini boshlang‘ich quvvat, harorat va bo‘sh turib qolish vaqti kabi boshqa omillardan ajratib olish uchun tadqiqotchilar mashinaviy ta’lim modelini qo‘lladilar. Natijada ma’lum bo‘lishicha, eng tajovuzkor haydash uslubi akkumulyatorning eskirishini tejamkor uslubga qaraganda 18,4 baravar tezlashtirar ekan.
Bu mexanizm elektrokimyogarlarga ma’lum: tokning keskin sakrashlari batareyani sovishga ulgurmasidan avval qizdirib yuboradi, elektrodlarda esa litiy qatlami hosil bo‘lishi tezlashadi. Bu esa sig‘imni qaytarib bo‘lmas darajada kamaytiradigan salbiy ta’sirdir. Shu sababli elektromobil ishlab chiqaruvchilari, batareya apparat jihatdan ko‘proq quvvat bera olsa-da, razryadning eng yuqori quvvatini dasturiy ravishda cheklab qo‘yishadi.
Uzoq muddatli prognoz yanada yaqqolroq bo‘ldi: tejamkor haydashda batareya 1000 ta zaryadlash-razryadlash siklidan so‘ng sig‘imining 21 foizini yo‘qotsa, agressiv haydashda bu ko‘rsatkich 53 foizga yetadi. Qizig‘i shundaki, har ikki guruh haydovchilarining o‘rtacha tezligi deyarli bir xil bo‘lgan, biroq agressiv haydovchilar batareyani o‘rtacha 66,02 amper tok bilan razryadlagan, tejamkor haydovchilarda esa bu ko‘rsatkich 20,56 amperni tashkil etgan.
Olimlar faqat haydash uslubi o‘zgarib, qolgan barcha sharoitlar bir xil bo‘lib qoladigan vaziyatni alohida modellashtirdilar. Agressiv uslubdan tejamkor uslubga o‘tish batareyaga tushadigan qisqa muddatli yuklamani 91 foizga kamaytirgan.
"Natijalar shuni ko‘rsatadiki, haydash uslubini optimallashtirish — quvvat batareyalarining eskirishini sekinlashtirish va ularning xizmat muddatini uzaytirishning samarali usulidir", deyiladi mualliflarning Scientific Reports jurnalida e’lon qilingan maqolasida. Tez-tez keskin tezlanish va tormozlanishlar akkumulyatorga foyda keltirmaydi, aksincha uning eskirishini sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, shanxaylik tadqiqotchilarning xulosalari Nature Energy jurnalidagi shov-shuvli tadqiqot natijalaridan farq qiladi. Unda olimlar laboratoriya sinovlarida batareyaga tushadigan o‘zgaruvchan yuklama, aksincha, uning xizmat muddatini uzaytirishi mumkinligini aniqlagan edilar. Ayrim ommaviy axborot vositalari buni so‘zma-so‘z talqin qilib, tajovuzkorona haydash akkumulyator uchun foydali bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi. Lekin bu unday emas. Batareyalar diagnostikasi bilan shug‘ullanuvchi Avstriyaning AVILOO kompaniyasi ushbu masalani real avtomobillarda sinab ko‘rib, farqni tushuntirdi: laboratoriya tajribasidagi dinamik yuklama bilan yo‘lda keskin tezlanish bir narsa emas. Shu sababli laboratoriya sinovi natijalarini bevosita haydash uslubiga tatbiq etib bo‘lmaydi.
Elektromobil egasi uchun esa bu juda amaliy masala: batareya — uning eng qimmat qismlaridan biri. Shu sababli doimiy keskin tezlanishlar nafaqat energiya sarfini oshirgani, balki akkumulyatorning tezroq yeyilishiga olib kelgani uchun ham o‘ylaganingizdan qimmatga tushishi mumkin.

