«Kelajakka qaytish»dagi DeLorean endi haqiqiy havo poygalariga tayyorlanmoqda
«Kelajakka qaytish» filmlari orqali ham mashhur boʻlgan DeLorean brendi Airspeeder havo poygalari chempionatida ishtirok etish uchun elektr uchish apparati loyihasini taqdim etdi. Apparat tik uchish va qoʻnish imkoniyatiga ega boʻladi.

«Kelajakka qaytish» filmidagi DeLorean endi haqiqiy havo poygalariga tayyorlanmoqda
Electrek xabariga koʻra, DeLorean dastlab chempionatning boshqa ishtirokchilari singari standart Airspeeder Mk3C shassisidan foydalanadi. Bu loyiha oddiy yoʻl harakati uchun moʻljallangan avtomobil emas, balki havo poygalarida qatnashadigan eVTOL — tik uchib-qoʻnadigan elektr apparatidir.
Airspeeder asoschisi va rahbari Mett Pirson brendning kino tarixidagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratgan. Uning aytishicha, haqiqiy uchuvchi avtomobil yaratilishidan ancha oldin ham dunyo tomoshabinlari uchuvchi DeLorean qanday koʻrinishini tasavvur qilib boʻlgan.
Keyingi bosqichda kompaniya oʻz poyga apparatini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Xabarda aytilishicha, 2027–2028-yilgi mavsumda Berklidagi Kaliforniya universiteti va Jorjiya texnologiya institutining talaba muhandislar jamoalari bilan hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.
DeLorean zanglamas poʻlat kuzovli va «chayka qanoti» uslubida ochiladigan eshiklarga ega sport avtomobillari bilan tanilgan. Endi brend shu obrazni elektr aviatsiyasi va havo poygalari bilan bogʻlashga urinmoqda.
Hozircha loyihaning ommaviy ishlab chiqariladigan uchuvchi avtomobilga aylanishi haqida maʼlumot yoʻq. Taqdim etilgan rejalar asosan poygada ishtirok etish va yangi apparatni ishlab chiqishga qaratilgan.

