Layfstayl

Kechqurun tomosha qilish uchun horror janridagi 5 ta koreys filmi

Kechki vaqtda tomosha qilish uchun 5 ta koreys dahshat filmi

Dahshat janri har doim jahon kinosining mashhur yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan, ammo Janubiy Koreya kino sanoati rivojlangach, bu janr butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi.

Janubiy Koreyaning dahshatli filmlari boshqalardan farqi shundaki, unda rejissyorlar qo‘rquvni turli maxluqlar yoki qonli sahnalar bilan emas, balki inson ruhiyati, jamiyatdagi muammolar va koreys madaniyatiga xos unsurlardan foydalanib ko‘rsatadi. Shuning uchun koreys dahshat filmlari nafaqat qo‘rqitadi, balki chuqur o‘ylashga, voqealarning ma’nosini anglashga ham turtki beradi.

**“Pusanga boradigan poyezd” (2016)**

Foto: IMDb

2016-yilda Janubiy Koreyada eng kassabop filmlardan biriga aylangan ushbu loyiha keyinchalik striming platformalarda ham yaxshi natijalarga erishdi. Film voqealari Seuldan Pusanga ketayotgan tezyurar poyezdda boshlanadi. Shu paytda mamlakat bo‘ylab noma’lum virus tarqalib, odamlarni yovvoyi zombilarga aylantira boshlaydi. Poyezd ichida esa oddiy yo‘lovchilar hayot uchun kurashishga majbur bo‘lib qoladi. Ular orasida ota va uning kichkina qizi, homilador ayol va eri, maktab o‘quvchilari ham bo‘ladi. Har bir bekatda xavf tobora kuchayib, tirik qolish uchun yo‘lovchilar insoniylik va fidoyilik sinovidan o‘tadi.

**“Ikki opa-singil tarixi” (2003)**

Foto: IMDb

“Ikki opa-singil tarixi” — koreys rejissyori Kim Jivun tomonidan suratga olingan bo‘lib, koreys dahshat filmlari orasida alohida o‘rin egallagan. Syujet markazida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan uyiga qaytgan ikki opa-singil turadi. Ular uyga kelgach, o‘gay onaga duch keladi va oilada ziddiyatli munosabatlar boshlanadi. Bir vaqtning o‘zida, uy ichida tushunarsiz ovozlar, sirli hodisalar va vahimali manzaralar paydo bo‘la boshlaydi.

Film ko‘plab kino tanqidchilari tomonidan koreys dahshat janrining eng yuksak namunasi sifatida baholangan. Film keyinchalik Gollivudda “The Uninvited” (2009) nomi bilan remeyk qilingan bo‘lsa-da, asl versiyasi hamon eng muvaffaqiyatlisi sifatida tan olinadi.

**“Xizmatkor qiz” (1960)**

Foto: IMDb

So‘nggi yillarda butun dunyoni hayratda qoldirgan “Parazitlar” filmini yaratishga ilhom bergan bu asar Janubiy Koreya kinosining eng yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Syujetga ko‘ra, yangi uyga ko‘chib o‘tgan oila boshlig‘i uy yumushlari uchun xizmatkor qizni ishga oladi. Uning rafiqasi ikki farzandini tarbiyalayotgan bo‘ladi va oqsoch qizga uy yumushlarida yordam berish vazifasi yuklatiladi. Ammo vaqt o‘tishi bilan xizmatkor bir vaqtlar sevgisiga xiyonat qilgan erkakdan qasos olish uchun qotilga aylanadi.

**“Devorlar shiviri” (1998)**

Foto: IMDb

Bir vaqtning o‘zida ham psixologik triller, ham dahshat filmi bo‘lgan “Devorlar shiviri” Janubiy Koreyada harbiy diktatura tugaganidan keyin namoyish etildi. Shu bois film o‘sha davr ijtimoiy muammolariga ham ishora qiladi.

Film voqealari qizlar maktabida kechadi. Bir o‘qituvchi eski sinf jurnallarida sirli yozuvlarni ko‘rib qoladi va maktab devorlari ichida kimningdir ruhi yashayotgani haqida gumon qiladi. Oradan ko‘p o‘tmay, u sirli tarzda halok bo‘ladi. Maktabdagi qizlar esa asta-sekin o‘z tengdoshlari va o‘qituvchilarini ta’qib qilayotgan yovuz kuchni sezib qoladi.

**“Konjiamdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasi” (2018)**

Foto: IMDb

Mazkur film real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda bir guruh blogerlar mashhurlikka erishish uchun tashlandiq Konjiam shifoxonasida jonli efir o‘tkazishga qaror qiladi. Ular bino ichiga kirgach, kutilmagan g‘ayritabiiy hodisalar boshlanadi: eshiklar o‘z-o‘zidan yopiladi, qorong‘i xonalarda kimdir paydo bo‘lib yo‘qoladi. Dastlab shou sifatida boshlangan loyiha asta-sekin haqiqiy dahshatga aylanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.