Layfstayl

Kayfiyatni ko‘tarib, hayotni biroz yengillashtiradigan 7 ta film

Kayfiyatni ko‘taruvchi va hayotni yengillashtiruvchi 7 ta film

Film tomosha qilish – hissiy kechinmalarni yengishning keng tarqalgan usullaridan biridir. Kinolar kayfiyatni ko‘tarishi, muammolardan chalg‘itishi va o‘z his-tuyg‘ularimizga boshqacha nazar bilan qarashga yordam berishi mumkin. Ba’zan ekranda o‘zimizga tanish kechinmalarni ko‘rish ham o‘zimizni yaxshiroq anglashga va biroz ruhiy yengillik his qilishga yordam beradi. Quyida kayfiyatni ko‘tarishi, his-tuyg‘ularni tushunishga yoki shunchaki miyaga dam berishga yordam beradigan 7 ta filmni jamladik.

1. “Boshqotirma” (2015)

Ba’zan insonning ruhiy va hissiy holatini tushunish uchun unga bola nigohi bilan qarashning o‘zi kifoya. Pixar’ning mashhur “Boshqotirma” multfilmi miyamizda yashaydigan quvonch, qayg‘u, g‘azab, xavotir, qo‘rquv va jirkanish kabi tuyg‘ular haqida hikoya qiladi. Film qayg‘u yoki tushkunlikni ham qabul qilish kerakligini ko‘rsatadi. Chunki qayg‘uni boshdan kechirish ruhiy tiklanish, ulg‘ayish va hayotda oldinga intilish uchun muhim.

2. “Uolter Mittining g‘aroyib hayoti” (2013)

Bu film tushkunlik, stress va xavotirni yengishda yordam beradigan kartinalardan biri. Bir xil hayot tarziga tushib qolgan Uolter Mitti yangi taassurotlar va sarguzashtlarni orzu qiladi va haqiqiy sayohatga otlanadi. Film hayoti go‘yo yonidan o‘tib ketayotgandek tuyulgan insonlarga yana ma’no izlash, maqsad sari intilish va orzu qilishdan to‘xtamaslik uchun jasorat beradi.

3. “Ameli” (2001)

“Ameli” — ruhiy tushkunlikdan chiqishga yordam berishi mumkin bo‘lgan mashhur filmlardan biri. Voqealar Parijda kechadi. Tortinchoq va uyatchan qiz boshqalarga yordam berish orqali hayotdan quvonch topadi. Film insonning kichik ezgu amallari ham hayotni mazmunli qilishini ko‘rsatadi. Yorqin ranglar, o‘ziga xos muhit va oddiy lahzalar esa kartinaga alohida joziba beradi.

4. “Paddingtonning sarguzashtlari 2” (2017)

Yoqimtoy ayiqcha Paddingtonning hayoti va sarguzashtlari haqidagi ikkinchi film mehribonlik va optimizmga boy. Sodda, kulgili va iliq muhitga ega ushbu kartina chalg‘ishga ehtiyoj sezgan paytda ayni muddao. Film kundalik muammolardan biroz uzoqlashishga, do‘stlik va mehrga to‘la oilaning qadrini eslashga yordam beradi.

5. “Tafakkur o‘yinlari” (2001)

“Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan film shizofreniya bilan kurashgan matematik Jon Nesh hayoti haqida hikoya qiladi. Yaqinlarining mehri, qat’iyati va uni qo‘llab-quvvatlagan insonlar yordamida u o‘z holati bilan yashashni o‘rganadi hamda hayotdagi o‘z o‘rnini qayta topadi. Film ruhiy kasalliklar haqida so‘z yuritib, qiyinchiliklar yo‘qolmasa ham hayot mazmunli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

6. “Juli va Juliya” (2009)

Hayot zerikarli va bir joyda qotib qolgandek tuyulsa, ba’zan oshpazlik, qo‘l mehnati yoki yangi ijodiy mashg‘ulot yordam beradi. Film Juli Pauellning Juliya Chayld retseptlari asosida taom tayyorlashi va shu bilan birga ishdagi bosim, stress, ishonchsizlik hamda o‘ziga bo‘lgan shubhalar bilan kurashishi haqida. Qahramonning o‘zini anglash yo‘li hayotni qaytadan boshlash hech qachon kech emasligini eslatadi.

7. “Kelajakdagi sevgilim” (2013)

Film Tim Leyk ismli yigit haqida. U 21 yoshga to‘lganida otasidan oilasidagi erkaklar o‘tmishga sayohat qila olishini bilib oladi. Dunyo tarixini o‘zgartirishning iloji yo‘q, ammo o‘z hayotingdagi ayrim voqealarni qayta boshdan kechirish mumkin. Yengil romantika, hayotning qadriga yetish va shukronalik kabi chuqur mavzular uyg‘unlashgan ushbu film ruhiy hordiq uchun yaxshi tanlov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.