Katta Chimyonda adashib qolgan 7 kishi qutqarildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish uchun chiqqan 7 nafar fuqaro yo‘ldan adashib, tog‘dan tusholmay qoldi. FVV qutqaruvchilari ularni topib, sog‘-salomat xavfsiz hududga olib chiqdi.

Katta Chimyon tog‘ida yo‘ldan adashgan 7 nafar fuqaro qutqarildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, kecha Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 tizimi orqali Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘ida fuqarolar yordamga muhtojligi haqida murojaat kelib tushgan.
Aniqlanishicha, 7 kishi sayr qilish uchun tog‘ga chiqqan va yo‘ldan adashib qolgan. Shu sababli ular tog‘dan mustaqil ravishda tusha olmagan.
Xabar kelib tushgach, qutqaruvchilar ko‘rsatilgan manzilga yetib borib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan.
O‘tkazilgan qidiruvlar natijasida adashib qolgan barcha fuqarolar topilib, xavfsiz joyga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.

