Kastratsiya, umrbod qamoq jazosi yoki o‘lim: pedofiliyaga qarshi qanday kurashish kerak?
Pedofiliyaga qarshi jazo kuchaytirilishi yaxshi, ammo bu faqat jinoyat sodir etilganidan keyingi chora, deydi huquqshunos Kamola Aliyeva. U bolalar bilan ishlaydigan har qanday tizimda zo‘ravonlikning oldini olishi uchun muhit bo‘lishi, jinoyatchilar esa jazo muqarrarligini his qilishi kerakligini ta’kidladi.

Kastratsiya, umrbod qamoq jazosi yoki o‘lim: pedofiliyaga qarshi qanday kurashish kerak?
Namanganning Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli qizaloq jinsiy zo‘ravonlikka uchraganidan so‘ng, pedofiliyaga qarshi jazo choralari yana muhokama qilina boshlandi.
Suhbatda huquqshunos Kamola Aliyeva dunyo tajribasiga tayangan holda, pedofiliyaga qarshi samarali kurash yo‘llari haqida fikr bildirdi.
Huquqshunosning aytishicha, kastratsiya, o‘lim va hatto umrbod qamoq jazosi ham muammoga yechim bo‘la olmaydi.
“Dunyo tajribasida kimyoviy kastratsiyani qo‘llaydiganlar ham bor. Kastratsiya o‘zi nima degani? Bu — erkaklarning jinsiy maylini yo‘qotish, ya’ni bolaga nisbatan agar jinsiy mayli bo‘lsa, pedofil hisoblansa, shu shaxsning jinsiy mayli maxsus dorilar orqali tushiriladi”.
Kamola Aliyeva jinoyatchini kastratsiya qilish dunyo tajribasida uning qamoq jazosi tugayotgan paytda, ozodlikka chiqishidan oldin o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshirilishini qayd etdi. Biroq huquqshunosning aytishicha, bu holat qaytishi, ya’ni jinsiy mayl tiklanishi ehtimoli ham mavjud.
“Deylik, har 6 oyda bu amaliyotni takrorlab turish kerak. Lekin shu orada bundan bosh tortsa, jinsiy mayl yana tiklanaveradi. Pedofil kastratsiya qilmayman desa, bunga hech kim qarshilik qilolmaydi. Ya’ni O‘zbekiston sharoitida bu ham yechim emas”, — deydi u.
“Agar davlat mazkur tibbiy jarayon o‘tkazilishini bo‘yniga olib, kimyoviy kastratsiyani yo‘lga qo‘ysa, budjetdan katta miqdorda pul ajratilishi kerak bo‘ladi. Ya’ni bu — qimmat jarayon. Ikkinchidan uning sifati masalasi ham bor. Uchinchidan, pedofil odam hech qachon „men pedofilman, meni kastratsiya qilinglar“ deb kelmasa kerak. Men unaqasini ko‘rmaganman. Dunyo tajribasida ham katta ehtimol yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi Aliyeva.
Shuningdek, Kamola Aliyeva ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surilgan o‘lim jazosiga ham to‘xtalib o‘tdi. “Bu bizning qonunchilikka ham, xalqaro majburiyatlarimizga ham, insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydigan jazo turi hisoblanadi”, — deydi mutaxassis.
“Albatta, hammamiz g‘azabdamiz. Hammamiz pedofillarni jazolab, yo‘q qilib yuborishni istaymiz. Lekin o‘lim bilan emas. Huquqiy jihatdan olib gapirsak, biz 2008-yilda o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qilganmiz. Bu Konstitutsiyada ham belgilab qo‘yilgan”.
Bundan tashqari, huquqshunos mamlakatdagi sud tizimidagi muammolar sabab o‘lim jazosi “ayrim insofsiz odamlarning qo‘lida qurol bo‘lishi, „noqulay“ bo‘lgan odamlarni yo‘q qilish uchun instrumentga” aylanishi mumkinligini ham ta’kidladi. “Ya’ni bu variant ham bizga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi u.
Kamola Aliyeva AQSh va Xitoy kabi davlatlarda ayrim jinoyatlar uchun o‘lim jazosi mavjudligini eslatib, biroq oliy jazo jinoyatlar kamayishiga, jinoyatchilik yo‘qolib ketib, jinsiy zo‘ravonliklarning to‘xtashiga olib kelmayotganini qayd etdi.
“Demak, asosiy masala — jazoning og‘irligida emas, jazoning muqarrarligida. Ya’ni o‘sha inson mana shu jinoyatni qilyaptimi, qilmoqchi bo‘lyaptimi, uni 100 foiz topishlari, jazoga tortishlarini bilishi kerak. Ana shundagina u orqaga chekinishi mumkin. Ya’ni butun tizim unga qarshi ishlashini tushunishi kerak. Zo‘ravonlikni qilib, qutulib ketaman degan ishonch bo‘lmasligi kerak. Menimcha, nafaqat bolaga nisbatan bo‘layotgan, har qanday zo‘ravonlikda ham qutulib ketaman degan ishonch bor. Tizimda shunday muhit bor. Jazo muqarrarligini his qilishmaydi”, — deydi Aliyeva.
Namangandagi mudhish hodisa fonida O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis deputatlari va senatorlarining tasdiq va ma’qullovidan o‘tdi. Unga ko‘ra, pedofillarga umrbod qamoq jazosini qo‘llash ham taklif qilingan. Amaldagi qonunchilikda hozircha bu jinoyat uchun uzog‘i 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.
Kamola Aliyeva jazoning kuchaytirilishi tarafdori ekanini aytarkan, lekin bu ham jinoyat sodir etilganidan keyingi chora ekanini eslatdi.
“Nega umrbod qamoq jazosi taklif qilinyapti o‘zi. Esinglarda bo‘lsa, 2025-yilning 10 kuni ichida Ohangaron va Namanganda 2 ta keys kuzatilgan. Aynan 14 yoshgacha bo‘lgan shaxsning nomusiga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (Jinoyat kodeksining 118−119-moddalari) bilan jazosini o‘tayotganlar muddatidan avval ozodlikka chiqqach, birinchi qilgan ishi — bolani zo‘rlash bo‘lgan. Bittasi 9 yoshli qizni, ikkinchisi tog‘asining nabirasi bo‘lgan 7 yoshli qizni zo‘rlagan. Shu 2 ta holatdan keyin bu retsidivistlar uchun nega yengil jazo berilayotgani savol ostiga olingandi. Shunday shaxslarni jamiyatdan ajratish, izolyatsiya qilish mazmunida umrbod qamoq jazosi taklif qilingandi”, — deydi huquqshunos.
Eslatib o‘tamiz, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni qayta sodir etgan shaxslar uchun umrbod qamoq jazosini belgilashga oid topshiriq 2026-yil 16-fevraldagi O‘zbekiston — 2030 strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi (PF-22-son) prezident farmonida nazarda tutilgandi.
Uni bajarish muddati 2026-yil 1-aprelgacha etib belgilangan. Tegishli o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 29-sentabr kuni — belgilangan muddatdan qariyb olti oy o‘tib birinchi o‘qishda qabul qilindi.
“Bu [masala] o‘tgan yili ham ko‘tarilgandi. Lekin vaqtida kiritilmadi, kechikdi. Amaliyotda kechikish holatlari judayam ko‘p. Lekin rezonans o‘tgan yili ham bo‘lgan-ku, undan keyin ham bo‘ldi. Qancha holatlar bor. Oxirgi 4 yilda 445 tadan ham ko‘proq jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari sodir etilgan. Bu — biz bilganlarimiz, xolos”, — dedi mutaxassis.
Kamola Aliyeva zo‘ravonlikning oldini olish uchun tizimda avvalo muhitning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidladi.
“Kameralar 100 foiz bo‘lishi, ishlashi lozim. Ishga qabul qilayotganda, kimni qabul qilyapsiz, u odam kim o‘zi, oldin qayerda ishlagan — mana shu ma’lumotlarni ish beruvchi bilishi kerak, bu uning mas’uliyati bo‘lib qoladi. Ayniqsa ta’lim tizimida bolalar bilan ishlashga kirayotgan har bir xodim kim o‘zi degan savolni har bir boshliq, har bir tizim, mas’ul xodimlar, rahbarlar o‘ziga savol sifatida berishi kerak”, — dedi suhbatdosh.
Gazeta oldinroq dunyo amaliyotida bolalarni himoya qilish barcha muassasalar va xodimlar uchun majburiy bo‘lgan qat’iy standart va protokollarga asoslanishi, Namangandagi bog‘chada qizchaga qilingan zo‘ravonlik O‘zbekiston ta’lim va tarbiya tizimida bunday mexanizmlar yo‘qligini ko‘rsatgani haqida yozgan edi.

