«Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!» – Prezident
Davlat rahbari sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat va shaxsan o‘zining qat’iy himoyasida bo‘lishini qayd

«Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!» – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida sarmoyadorlarni «xorijlik» va «mahalliy» deb ajratish masalasiga munosabat bildirdi.
«Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!» — dedi davlat rahbari hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya sifatida «O‘Z» falsafasini ilgari surdi.
«O‘Z» — O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas’uliyat degani. Kimki yurtimizga sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiya olib kirsa va odamlarga ish o‘rni yaratsa, qaysi mamlakat yoki shahardan kelganidan qat’i nazar, umumiy taraqqiyotga hissa qo‘shadi.
«Kimki Yangi Toshkentni yoki Shirinni biz bilan birga qursa, demak, u to‘laqonli o‘zimizniki!» — dedi Prezident.
Davlat rahbari sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat hamda shaxsan o‘zining qat’iy himoyasida bo‘lishini ta’kidladi.
Shundan keyin Prezident investorlar bilan muloqot olib bordi. Uchrashuvda bildirilgan takliflar e’tiborsiz qolmasligi, yaqin kunlarda tegishli qarorlar qabul qilinishi aytildi. Davlat rahbari bir oydan so‘ng Yangi Toshkentga yana kelib, berilgan topshiriqlar ijrosini ko‘zdan kechirishini bildirdi.
Yakunda Prezident investor va tadbirkorlarni «O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent — o‘zimizniki!» degan yangi shior atrofida birlashishga chaqirdi. Shuningdek, Yangi Toshkentda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan ko‘plab o‘ziga xos loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.

