Kapitalbank va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Charxpalak” art loyihasini taqdim etdi
Toshkentda “Charxpalak” badiiy albomi taqdim etildi va O‘zbekistonning 17 nafar zamonaviy rassomi asarlaridan iborat shu nomdagi ko‘rgazma ochildi. Loyiha Badiiy akademiya tomonidan Kapitalbank ko‘magida amalga oshirilgan. Ko‘rgazma 30-oktabrga qadar davom etadi.

Kapitalbank va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Charxpalak” art loyihasini taqdim etdi
Toshkentda O‘zbekistonning 17 nafar zamonaviy rassomi asarlarini jamlagan “Charxpalak” badiiy albomining taqdimoti hamda shu nomdagi ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Kapitalbank ko‘magida amalga oshirilgan ushbu loyiha O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan.
“Charxpalak” loyihasining badiiy g‘oyasi zamonaviy san’at orqali madaniy merosni asrab-avaylash va avlodlar davomiyligini ta’minlash tamoyiliga qurilgan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, akademik, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur albomga yozgan so‘zboshida qayd etganidek, zamonaviy rassom madaniy merosni faqat talqin qiluvchi emas, balki uning hammuallifi sifatida ham namoyon bo‘lib, bugungi davr uchun uning yangi ma’no va qirralarini ochadi.
Uzluksiz harakat va yangilanish timsoli bo‘lgan “Charxpalak” nomi milliy san’atning o‘tmishi, buguni va kelajagi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalaydi. Ekspozitsiya zamonaviy ijodkorlar asarlarida an’analar qanday yangicha talqin va ifoda topayotganini ko‘rsatadi.
Ko‘rgazma va shu nomdagi badiiy albom konsepsiyasi Kamola Akilova va Aleksey Arapovning san’atshunoslik tadqiqotida yoritilgan “Madaniyatlar chorrahasi”, “Turon va Eron”, “Islom koinoti” va “Hamijodkorlikning yangi davrasi” kabi to‘rtta mavzuga bag‘ishlangan bo‘limlar orqali ochib berilgan.
Ekspozitsiyaning asosiy ramzlaridan biri an’anaviy ko‘za bo‘lib, uning atrofida loyihada ishtirok etayotgan 17 nafar rassomning har birini ifodalovchi 17 ta tugun jamlangan. Ularni birlashtirib turgan arqon umumiy madaniy kodni, ko‘za esa milliy an’analar va avlodlar xotirasining saqlanishini anglatadi. 17 nafar rassom. 17 ta ijodiy ovoz. Ularni yagona madaniy meros rishtasi birlashtirgan.
“Charxpalak” loyihasidagi ishtirok Kapitalbank uchun O‘zbekistonning madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, shuningdek, zamonaviy milliy san’at rivojiga hissa qo‘shish imkoniyatini berdi.
“Madaniy meros bu nafaqat ajdodlarimizdan bizga yetib kelgan boylik, balki kelajak avlodlarga yetkazishimiz lozim bo‘lgan qadriyat hamdir. Shu bois biz uchun bunday loyihalar faqat ko‘rgazma zallari bilan cheklanib qolmasdan, o‘zining mantiqiy davomini topishi va keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi muhim”, — dedi “Kapitalbank” ATB kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi Oksana Lindina.
Tadbir doirasida zamonaviy san’at va madaniy merosni asrab-avaylash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati ham o‘tkazildi. Muhokamada rassomlar, san’atshunoslar, OAV vakillari hamda Zamonaviy san’at biyennalesining xalqaro ishtirokchilari qatnashdi.
“Charxpalak” ko‘rgazmasi 2026-yilning 30-oktabriga qadar “Akademiya” galereyasida davom etadi. Tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning 17 nafar zamonaviy rassomi asarlari hamda milliy an’analar va zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beruvchi badiiy installyatsiyalar bilan tanishishi mumkin.
Shuningdek, albom nusxalari O‘zbekiston kutubxonalari va madaniyat muassasalariga hadya qilinadi. Bu esa yanada keng auditoriyani mahalliy rassomlar ijodi bilan tanishtirish imkonini beradi.

