“Kapitalbank” BNY’da AQSh dollarida korrespondentlik hisob raqamini ochdi
“Kapitalbank” dunyodagi yirik moliyaviy institutlardan biri va AQShning eng qadimgi banklaridan biri bo‘lgan The Bank of New York Mellon’da (BNY) AQSh dollarida korrespondentlik hisob raqamini ochdi.

“Kapitalbank” BNY’da AQSh dollarida korrespondentlik hisob raqamini ochdi
Hisob raqamining ochilishi “Kapitalbank”ning korrespondentlik tarmog‘ini yanada mustahkamlaydi va AQSh dollaridagi to‘lovlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytiradi. BNY bilan bevosita hamkorlik xalqaro to‘lovlar samaradorligini oshirishga hamda bankning to‘lov infratuzilmasini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi “Kapitalbank” mijozlari uchun bu xorijiy kontragentlar bilan hisob-kitob qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
“BNY'da korrespondentlik hisob raqamining ochilishi „Kapitalbank“ xalqaro infratuzilmasini rivojlantirishdagi muhim bosqichdir. Biz uchun bu nafaqat AQSh dollarida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, balki komplayens jarayonlarini rivojlantirish hamda biznes yuritishning xalqaro standartlariga rioya etish bo‘yicha olib borilgan izchil ishlar natijasidir. Mijozlarimizga xalqaro amaliyotlar uchun kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida yetakchi global moliyaviy institutlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni o‘rnatishda davom etamiz”, — deydi “Kapitalbank” ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sardor Ismailov.
Bugungi kunda “Kapitalbank” 17 ta xorijiy bank bilan korrespondentlik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu esa AQSh dollari, yevro, Britaniya funt sterlingi, Shveysariya franki, Xitoy yuani va boshqa valyutalarni o‘z ichiga olgan asosiy jahon va mintaqaviy valyutalarda hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta’minlaydi.
BNY (The Bank of New York Mellon) — 1784-yilda tashkil etilgan AQShning eng qadimgi banklardan va yirik global moliyaviy institutlardan biri. Bank aktivlarni boshqarish, qimmatli qog‘ozlarga xizmat ko‘rsatish va korporativ bank sohasidagi xizmatlarni taqdim etadi.

