Kanada va Ukraina 100 yilga sherik bo‘ldi: Kiyevga millionlab dron yuboriladi

Kanada va Ukraina 100 yilga sherik bo‘ldi: Kiyevga millionlab dron yuboriladi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kanada bosh vaziri Mark Karni “100 yillik sheriklik to‘g‘risida”gi deklaratsiyani imzoladi. Hujjat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni “har tomonlama strategik sheriklik darajasiga” ko‘tarishni ko‘zlaydi. Bu haqda Kanada hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Zelenskiy rasmiy taklif asosida Kanadaga tashrif buyurdi. Siyosatchilar deklaratsiyani Kalgari shahrida imzoladi. Kelishuvga muvofiq, Kanada Ukrainaning “shoshilinch harbiy ehtiyojlarini” qondirishda davom etadi. Tomonlar Ukraina harbiylarini tayyorlashga qaratilgan Kanadaning UNIFIER missiyasini 2029-yilgacha uzaytirishga kelishib oldi.
Karni Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish uchun 350 million Kanada dollari (taxminan 254 million AQSH dollari) ajratilishini e’lon qildi. Ushbu mablag‘ga mudofaa tizimlari uchun raketalar xarid qilinadi. Ular AQSHning Jump Start mexanizmi orqali yetkazib beriladi. Mazkur mexanizm Ukrainaga yetkazish uchun AQSHdan qurol-yarog‘ buyurtma qilishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Ottava Ukraina uchun 430 million Kanada dollaridan (taxminan 310 million AQSH dollari) ortiq qiymatdagi gaz xaridini moliyalashtirish uchun kredit kafolatlarini beradi.
Kanada bosh vaziri dronlar masalasiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, mamlakat “milliy dron bozorini” yo‘lga qo‘yadi. Bu Kanada Qurolli kuchlariga qariyb 400 ta yetkazib beruvchi bilan ishlash imkonini beradi. Mamlakat Ukraina tajribasidan foydalanib, dron ishlab chiqarishni kengaytiradi.
Kelgusi ikki yil ichida Kanada millionlab dronlar ishlab chiqaradi va ularning uchdan bir qismini Ukrainaga yuboradi. Hozirda Kanada armiyasida barcha turdagi atigi 2 mingga yaqin dron bor.
Zelenskiy Kanada va Ukraina Drone Deal deb nomlangan kelishuvning faqat birinchi qismini imzolaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvni yakuniy tasdiqlash sentyabr oxirida Nyu Yorkda boshlanadigan BMT Bosh Assambleyasi doirasida amalga oshirilishi mumkin.

