Kanada bosh vaziri mamlakat AQSH bilan urushga tayyorlanayotganini tan oldi

**Kanada bosh vaziri mamlakat AQSH bilan urushga tayyorlanayotganini tan oldi**
Kanada bosh vaziri Mark Karni Ottava AQSHning mamlakatga ehtimoliy hujumiga hozirlik ko‘rayotganini, jumladan, turli mudofaa ssenariylari ishlab chiqilayotganini tan oldi. Uning aytishicha, bu ishlar Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning tahdidlaridan keyin o‘tgan bir yil davomida olib borilgan.
Bosh vazir bu haqda The New York Times nashriga bergan intervyusida gapirdi. Trampning Kanadani “51-shtat”ga aylantirish haqidagi tahdidlariga Ottava qanchalik jiddiy yondashgani haqidagi savolga Karni hukumat bosqin ehtimolini sinchiklab ko‘rib chiqqanini aytdi.
“Bunday lavozimda o‘tirgan odam har qanday kutilmagan favqulodda ssenariylarni o‘ylab qo‘yishi shart. Bu xavflarni boshqarishdir. Albatta, bu asosiy reja emas, lekin bunga tayyorgarlik ko‘rmaslik mas’uliyatsizlik bo‘lardi”, dedi Karni.
**Ottava AQSHga qaramlikni kamaytirmoqda**
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday tahdidlar Kanadani AQSHga qaramlikni keskin qisqartirishga majbur qilgan. Xususan, Kanada Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan butunlay voz kechishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, mamlakat Arktika mudofaasi uchun AQSHning 88 ta F-35 qiruvchi samolyotini xarid qilish o‘rniga, Yevropa samolyotlarini, jumladan Shvetsiyaning Saab Gripen qiruvchilarini tanlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
**Iqtisodiy va siyosiy kelishmovchiliklar**
AQSH va Kanada o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yilda Tramp Kanada tovarlariga 25 foizlik bojlar joriy etganidan keyin keskin yomonlashdi. Bunga milliy xavfsizlikka tahdidlar va giyohvand moddalar kontrabandasi sabab qilib ko‘rsatildi.
2026-yil avgust oyida mamlakatlar bir-birining mahsulotlariga 50 foizdan bojlar soldi. Bu tomonlar o‘rtasidagi savdo muzokaralari AQSH Savdo vaziri Hovard Lutnikning pozitsiyasi sabab oxirgi daqiqada barbod bo‘lgani ortidan yuz berdi.
Sentyabr oyida Yevropa Ittifoqi Kanadaga uning tarixdagi birinchi assotsiatsiyalangan a’zosi bo‘lishni taklif etdi. AQSH prezidenti Donald Tramp bu taklifdan norozi bo‘lib, Yevropa Ittifoqiga qarshi bojlarni oshirish bilan tahdid qildi. Tramp Kanadani AQSH tarkibiga qo‘shib olish g‘oyasini bir necha bor ilgari surgan va uni 51-shtat deb atagan.

