Kaliforniyada dunyoning rekordchi samolyoti yana havoga koʻtarildi
Dunyoda qanotlari qulochi eng katta boʻlgan Roc samolyoti besh oylik tanaffusdan soʻng Kaliforniyada ikkita mashgʻulot parvozini amalga oshirdi. Ikki fyuzelyajli bu apparat yirik tajriba qurilmalarini havodan uchirish uchun yaratilgan.

Kaliforniyada rekordchi samolyot yana osmonga ko‘tarildi
Stratolaunch kompaniyasiga tegishli Roc samolyotining qanotlari qulochi 117 metrni tashkil etadi. Bu hozirgacha yaratilgan barcha samolyotlar orasidagi eng katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Apparat N351SL raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
AirNav Radar xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, samolyot 2-oktabr kuni ikkita qisqa parvozni amalga oshirgan. Ikkalasi ham Moxave aerokosmik porti yaqinida bo‘lib o‘tgan. Ikkinchi parvoz chog‘ida Roc aeroport atrofida bir necha marta aylangan.
Roc oddiy yuk tashuvchi samolyot sifatida emas, balki yirik eksperimental apparatlarni belgilangan balandlikka olib chiqib, havodan uchirish platformasi sifatida ishlab chiqilgan. U boshqa foydali yuklarni tashish uchun ham mo‘ljallangan.
Stratolaunch havodan uchirish flotini kengaytirmoqda
Kompaniya bu vazifalar uchun faqat Roc bilan cheklanib qolmayapti. U avval Virgin Orbit’ga tegishli bo‘lgan Boeing 747-400 samolyotini ham sotib olgan.
«Moxave ruhi» — Spirit of Mojave deb nomlangan ushbu samolyot Talon tajriba apparatlarini tashish uchun qayta jihozlangan. Boeing 747 Roc’ga qaraganda ko‘proq aeroportlarda ishlay oladi. Bu gipertovushli apparatlar sinovlarini turli joylarda o‘tkazish imkonini kengaytiradi.
Sentabr oyida Stratolaunch yana bir yirik samolyot — Boeing 777-200ER xarid qilinganini e’lon qilgan. Uni ham eksperimental apparatlarni havodan uchirish platformasiga aylantirish rejalashtirilgan.
Boeing 777’dan foydalanishni 2027-yilda boshlash kutilmoqda. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, bu samolyotning qo‘shilishi parvoz sinovlarini o‘tkazish imkoniyatlarini taxminan 35 foizga oshiradi. Stratolaunch buni gipertovushli texnologiyalarni sinashga bo‘lgan talab ortib borayotgani bilan izohlamoqda.

