Jorjiya rasmiylari ikki kishining oʻlimiga va 35 kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan otishmada gumonlanuvchini qidirmoqda
Uyga qaytish bayrami fojiali zoʻravonlik maydoniga aylanib ketdi, olomon tomon oʻnlab oʻqlar uzildi.

Jorjiya rasmiylari ikki kishining oʻlimi va 35 kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan otishmadan keyin gumonlanuvchini qidirmoqda
AQShning Jorjiya shtatidagi tergovchilar yakshanba kuni ertalab sodir boʻlgan, ikki kishining hayotiga zomin boʻlgan va yana 35 kishini jarohatlagan ommaviy otishmada gumonlanuvchini qidirmoqda.
Rasmiylarning maʼlum qilishicha, Vena janubiy qishloq jamoasida oʻtkazilayotgan koʻcha bayramiga 1000 ga yaqin odam yigʻilgan va shu payt 50 dan ortiq oʻq uzilgan.
Ikki jabrlanuvchi voqea joyida halok boʻlgani maʼlum qilindi, yana 25 kishi yaqin atrofdagi bir nechta shifoxonalarga yetkazildi, ulardan baʼzilarining ahvoli ogʻir.
Hozircha hech kim hibsga olingani yoʻq va rasmiylar zoʻravonlikning ehtimoliy sabablarini aniqlamagan. Jabrlanuvchilar 14 yoshdan 51 yoshgacha boʻlgan shaxslardir.
Voqea yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 01:30 da (Grinvich vaqti bilan 05:30) Duli oʻrta maktabining bitiruvchilar uchrashuvi bayrami paytida sodir boʻlgan, garchi bu maktab tomonidan tashkillashtirilgan tadbir boʻlmasa-da.
«Bizning qalbimiz yaqinlarini yoʻqotib qaygʻurayotgan oilalar, jarohatlanganlar va ushbu fojiadan jabr koʻrgan barcha bilan birgadir», deyiladi maktab bayonotida.
Koʻp odam yigʻilishini kutgan Duli okrugi sherifi idorasi xodimlari otishma boshlangan paytda olomonning ikkala tomonida navbatchilik qilayotgan edi.
«Baʼzi odamlar pirotexnika vositalari otilganini aytishdi, keyin esa kimdir kimgadir oʻq tekkanini aytdi», dedi Duli okrugi sherifi Kreyg Pivi mahalliy OAVga.
Pivining soʻzlariga koʻra, odamlar har tomonga qochib ketayotgan bir paytda rasmiylar olomon orasidan oʻtib, jabrlanuvchilarga yordam berish uchun harakat qilishgan.
Voqea joyida boʻlgan Eshli Ji «Atlanta Journal-Constitution» axborot nashriga bergan intervyusida oʻq ovozlari «pulemyot ovoziga» oʻxshaganini aytdi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari yetib kelib, bir nechta jarohatlanganlarni topishgan. Ikki nafar halok boʻlgan shaxs otishma sodir boʻlgan Payn-strit koʻchasidan bir necha daha naridan topilgan.
Duli okrugi koroneri Brett Uolls Bi-bi-sining AQShdagi hamkori boʻlgan CBS News telekanaliga halok boʻlganlarning ikkalasi ham 20 va 23 yoshli erkaklar ekanini maʼlum qildi.
Jorjiya tergov byurosi sud-tibbiy ekspertiza idorasi har bir holat boʻyicha ekspertiza oʻtkazilishini bildirdi.
Byuro, shuningdek, Duli okrugi sherifi idorasining iltimosiga binoan tergovga qoʻshilishini maʼlum qilib, bu ishlarni «faol va davom etayotgan» deb taʼrifladi.

