Jomiy va Navoiy haqidagi oʻzbek-tojik filmining premyerasi yana qoldirildi

Jomiy va Navoiy haqidagi oʻzbek-tojik filmining premyerasi yana qoldirildi
Oʻzbekiston va Tojikiston hamkorligida suratga olingan «Yulduzlar shuʼlasi: Jomiy va Navoiy» filmining premyera namoyishi yana qoldirildi. Avvalroq filmni sentyabr oyida taqdim etish rejalashtirilgan edi, biroq endi uning premyerasi oktyabr oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda boʻlib oʻtishi mumkin.
«Tojikfilm» rahbari Mahmadsaid Shohiyon 17 sentyabr kuni kartina namoyishi bilan bogʻliq hech qanday muammo yoʻqligini, ustida ishlar davom etayotganini va sana ikki davlat oʻrtasidagi kelishuvlarga muvofiq belgilanishini maʼlum qildi. Aniq muddat hozircha aytilmagan. Endilikda film oktyabr oyining ikkinchi yarmida «Toji Somon» xalqaro kinofestivalida namoyish etilishi mumkin.
Shu yilning mart oyida Tojikiston prezidentining davlat tashrifi doirasidagi madaniy dastur davomida Toshkentda «Yulduzlar shuʼlasi» filmidan parchalar namoyish etilgan edi. Oʻshanda «Tojikfilm» toʻliq talqinni Oʻzbekiston va Tojikiston mustaqilligining 35 yilligiga qadar taqdim etish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi.
Film Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga bagʻishlangan. Suratga olish ishlari har ikki davlatda boʻlib oʻtgan, Oʻzbekistonda esa asosiy epizodlar Buxoroda va Toshkentdagi «Oʻzbekfilm» pavilonlarida suratga olingan. Mart oyida ijodkorlar postprodakshn bosqichida boʻlib, filmning oʻzbek va tojik tillaridagi talqinlarini tayyorlashayotgan edi.

