Jizzaxda atomchilar shaharchasi va ishli onalarga farzand nafaqasi - mahalliy dayjest
Jizzaxda atomchilar shaharchasi quriladi. Kambagʻallikni qisqartirishga masʼullar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi. Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguncha nafaqa toʻlanadi. Oʻzbekistonliklar uchun Tailand vizasini olish murakkablashdi. 240 ming dollarni oyoqlarga yashirib, Oʻzbekistondan olib chiqib ketmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Jizzaxda atomchilar shaharchasi va ishlaydigan onalarga farzand nafaqasi — mahalliy dayjest
Jizzaxda atomchilar shaharchasi quriladi. Kambagʻallikni qisqartirishga masʼullar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi. Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguncha nafaqa toʻlanadi. Oʻzbekistonliklar uchun Tailand vizasini olish murakkablashdi. 240 ming dollarni oyoqlarga yashirib, Oʻzbekistondan olib chiqib ketmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi.
**Jizzaxda atomchilar shaharchasi quriladi**
Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga integratsiyalashgan AES va unga yondosh shaharcha qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotida maʼlum qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi.
Forish tumanida 200 gektar hududda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilindi. Unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.
Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilasini munosib yashash sharoiti bilan taʼminlash maqsadida atomchilar shaharchasini barpo etish rejasi ham ko‘rib chiqildi. Ikki yuz gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan 10 mingga yaqin, jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joy qurilishi rejalashtirilgan.
Kambagʻallik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etiladi, deb eʼlon qildi prezident Shavkat Mirziyoyev. Bu tizimda “mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi. Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtab tashkil etiladi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkaziladi. Hokimlar butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambagʻallik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi.
Aksariyat mahallalardagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi: tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi. Hokim yordamchilarini «loyihabay» ishlashga o‘qitish uchun xorijdan mutaxassislar jalb qilinadi. Kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini endi prezident emas, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank belgilaydi va har chorakda yangilab boradi.
Eng namunali hokim yordamchilariga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama to‘lanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni belgilab berdi.
Unga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini «ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqadi.
Bunda aholi daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila aʼzosining xorijda ishlayotgani kabi omillarni qamrab oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.
Respublikada kambagʻallik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda. Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi.
2027-yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tailand hukumati dunyoning 93 mamlakati, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz rejimni 15-sentabrdan rasman bekor qildi.
Endi O‘zbekiston fuqarolari Tailandga borish uchun oldindan Qirollikning rasmiy elektron viza portali (thaievisa.go.th) orqali elektron viza anketasini to‘ldirgan holda kirish vizasini rasmiylashtirishi lozim.
Shundan so‘ng, fuqaro viza uchun to‘lovni Tailandning Moskva shahrida joylashgan elchixonasida 30 AQSH dollari miqdorida naqd amalga oshirishi kerak.
Toshkent viloyatidagi «Navoiy» chegara-bojxona postida qo‘shni davlatga piyoda chiqib ketayotgan ikki nafar shaxs organ xodimlarida shubha uyg‘otgan. Ular tegishli tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shunda oyoqlariga skotch bilan o‘rab yashirilgan 240 ming dollar pul aniqlangan.
Taʼkidlanishicha, ular bu pullarni og‘zaki so‘rov vaqtida ham maʼlum qilmagan, bojxona deklaratsiyasida ham ko‘rsatmagan. Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar 100 million so‘m ekvivalentdagi valyutani O‘zbekistondan deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishi mumkin.
Tarmoqlarda yuqori bosimli quvur portlagan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda — poytaxt hokimligi ham, Veolia Energy ham hozircha nima bo‘lganiga aniqlik kiritilayotganini maʼlum qildi.
Hokimlikka ko‘ra, bir kishi yengil tan jarohati olgan. Veolia esa ayni paytda hech qanday sizib chiqish holati aniqlanmaganini bildirdi.

