Jizzaxda 500 gektarlik zaytunzor barpo etiladi
Pokistonning WaterCon kompaniyasi Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida 500 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi tashkil etishni rejalashtirmoqda. Loyiha doirasida zaytun yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni Made in Uzbekistan brendi ostida eksport qilish koʻzda tutilgan.

Jizzaxda 500 gektar maydonda zaytunzor tashkil etiladi
«Dunyo» axborot agentligi Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi bergan maʼlumotlarga tayangan holda xabar qilishicha, WaterCon kompaniyasi bilan Jizzax viloyati hokimligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Mazkur hujjat kompaniya delegatsiyasining Oʻzbekistonga amalga oshirgan biznes-missiyasi doirasidagi muzokaralar yakunida qabul qilingan. Safar Oʻzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Delegatsiya aʼzolari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligida uchrashuvlar oʻtkazgan. Muzokaralarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni chuqur qayta ishlash va zamonaviy tizimlarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Memorandumga binoan, Yangiobod tumanida zamonaviy zaytun plantatsiyasini barpo etish bilan birga, tayyor mahsulot ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning keyingi bosqichlarida zaytun sanoat usulida qayta ishlanib, qadoqlanadi. Yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni Made in Uzbekistan brendi ostida xorijiy bozorlarga chiqarish moʻljallangan.
Tomonlar loyihani boshlash uchun zarur infratuzilmani yaratish va tashkiliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olgan.

