Mahalliy

Jizzax qoyalarida qadimgi ovchi tasviri topildi

Jizzax viloyatida arxeologlar ilgari nomaʼlum boʻlgan tosh davri manzilgohlari va 30 ga yaqin qoyatosh tasvirini aniqladi. Suratlar orasida kamondan oʻq uzayotgan ovchi, togʻ echkisi, chorva hayvonlari va it tasvirlari bor.

Jizzax qoyalarida qadimgi ovchi tasviri aniqlandi

«Dunyo» axborot agentligi Britaniyaning Heritage Daily nashriga tayanib xabar berishicha, qidiruv ishlari sentabr oyida Madaniy meros agentligi va Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan.

Tadqiqotlar Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarini qamrab oldi. Natijada Zomin vohasi hamda Turkiston togʻ tizmasi yonbagʻirlarida qadimgi insonlar yashagan bir nechta manzilgohlar topildi.

Xususan, Zomin tumanidagi Achchi qishlogʻining sharqiy qismida paleolit — qadimgi tosh davriga oid manzilgoh aniqlangan. Peshagor qishlogʻi yaqinida esa neolit — yangi tosh davri manzilgohi topilgan.

Achchining gʻarbiy qismi va Arja qishlogʻi atrofidan ham neolit davriga tegishli artefaktlar aniqlangan.

Turli davrlarga oid manzilgohlarning bir hududda uchrashi Zomin vohasi va uning togʻli hududlari qadimgi odamlar uchun yashash hamda tabiiy resurslardan foydalanishga qulay bo‘lganini ko‘rsatadi. Topilmalar ularning harakatlanish yo‘nalishlari va xo‘jalik faoliyatini o‘rganishga yordam berishi mumkin.

Sharof Rashidov tumanidagi Ravot qishlogʻi yaqinida esa ilgari qayd etilmagan petrogliflar — qoyatosh tasvirlari majmuasi topildi. Ular Ravotsoy daryosining chap sohilidagi slanets qoyalarga ishlangan.

Hozirga qadar yettita qoya yuzasida 30 ga yaqin tasvir hujjatlashtirilgan. Kamondan oʻq uzayotgan ovchi surati bilan birga, qoyalardan birida quyosh ramziga oʻxshash belgi ham aniqlangan.

Mutaxassislarning dastlabki bahosiga koʻra, qoyatosh tasvirlari turli davrlarda — ehtimol, bronza davridan ilk oʻrta asrlargacha yaratilgan. Demak, ularni topilgan tosh davri manzilgohlari bilan bir davrga mansub deb hisoblashga hozircha asos yoʻq. Tasvirlarning aniq yoshini belgilash uchun qoʻshimcha tadqiqotlar zarur.

Olimlar kelgusida yangi obyektlarni kengroq oʻrganib, ularning yoshi, madaniy ahamiyati va Markaziy Osiyodagi boshqa qadimiy yodgorliklar bilan aloqasini aniqlashni rejalashtirmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.