Jinoyatchilikka moyillar
Oʻzbekiston fuqarosi AQShda 12 million dollardan ortiq qiymatdagi yuklarni oʻmarishda ayblandi

**Jinoyatga moyillar**
AQShda Oʻzbekiston fuqarosiga shtatlararo tashilayotgan yuk joʻnatmalarini oʻgʻirlash maqsadida til biriktirish ayblovi qoʻyildi. Tergov talqiniga koʻra, ushbu sxema kamida 24 partiya tovarlarga daxldor boʻlib, ayblanuvchi aloqadorligi taxmin qilinayotgan epizodlardagi yuklarning chakana qiymati 12 million dollardan oshadi.
Konnektikut federal okrugi prokuraturasining xabar qilishicha, ayblanuvchi Bridjportdagi federal sud oldida javob berdi va aybini tan olmadi. U 2026 yilning iyun oyida Kaliforniya shtatining Ontario shahrida hibsga olinganidan keyin hibsda qolmoqda.
Tergovning hisoblashicha, 2025 yilning sentyabr oyidan boshlab ayblanuvchi va uning taxminiy sheriklari transport kompaniyalarining roʻyxatdan oʻtish maʼlumotlari, hisob raqamlari, korporativ elektron pochtalari va egalari haqidagi maʼlumotlardan foydalanib, ularni sotib olishgan yoki nazoratga olishgan. Soʻng ular oʻzlarini biznesning avvalgi egalari sifatida koʻrsatib, shtatlararo yuklarni tashish boʻyicha shartnomalar tuzishgan. Tashuvchi ombordan yoki tarqatish markazidan yukni olganidan keyin, joʻnatma belgilangan manzilga yetkazilmagan, keyinchalik esa uning oʻgʻirlangani haqida eʼlon qilingan. Baʼzi hollarda sxemaning taxminiy ishtirokchilari oʻgʻirlangan narsalarni qaytarish uchun tovon puli talab qilishgan.
Ish materiallariga koʻra, oʻgʻirlangan tovarlar orasida qattiq disklar, audiouskunalar, kiyim-kechak, elektronika, kompyuter texnikasi, oziq-ovqat mahsulotlari, tarkibida nikotin boʻlgan mahsulotlar va boshqa tovarlar boʻlgan.
Ayblov xulosasida, shuningdek, AQShda doimiy yashovchi maqomiga ega boʻlgan ayblanuvchi Nyu-Djersi shtatining amaldagi tijorat haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgani aytiladi. Bundan tashqari, undan boshqa beshta nomga rasmiylashtirilgan soxta haydovchilik guvohnomalari topbligan. Ularda ayblanuvchining surati boʻlgan, ammo yuz tuzilishi oʻzgartirilgan.
Federal katta hakamlar hayʼati 22 sentyabr kuni ayblov xulosasini taqdim etdi. Til biriktirish ayblovi besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

