Jinoyat ishi doirasida undirilgan pullarni qaytarish tezlashtiriladi
Prezident farmoniga binoan, jinoyat ishi doirasida kiritilgan garov pullarini va yetkazilgan zararni qoplash uchun byudjet foydasiga undirilgan mablagʻlarni qaytarib berish, shuningdek, reabilitatsiya qilingan shaxsga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni toʻlab berish toʻgʻrisidagi sud hujjatlari ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha mexanizmlar belgilanyapti. Pullarni qaytarish (toʻlab berish) kechiktirilgan har bir kun uchun fuqaro yoki tadbirkor foydasiga penya hisoblanadi.

Oʻzbekistonda jinoiy jarayonlarda jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish mexanizmlari kuchaytiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti yakunlari boʻyicha 27-avgust kuni imzolagan farmonda bu borada bir qator vazifalar belgilandi.
Xususan, jinoyat ishi doirasida kiritilgan garov summalarini qaytarish tartibi soddalashtiriladi. Shuningdek, zararni qoplash boʻyicha Davlat byudjeti foydasiga undirilgan pul mablagʻlari sud qarori asosida fuqaro yoki tadbirkorga qaytarilishi belgilangan taqdirda, bu pullar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan fuqaro yoki tadbirkorga qaytariladi.
Reabilitatsiya qilingan shaxslarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sud qarori asosida Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlaridan qoplab beriladi.
Zararni qoplash boʻyicha undirilgan pullarni qaytarish hamda reabilitatsiya qilingan shaxslarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplash boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan qarori taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ijro etilmaganda, bajarilmagan majburiyat qismiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida foizlar (penya) hisoblanadi.

