Jinoiy uyushmani moliyalashtirganlar va noqonuniy jangovar sport musobaqalarini tashkil qilganlar uchun javobgarlik belgilanadi
O‘zbekistonda bezorilik hamda uning oqibatida og‘ir tan jarohati yoki o‘lim yuz berishi uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Jinoiy uyushmani moliyalashtirish va unga homiylik qilish, noqonuniy jangovar sport musobaqalarini tashkil etish uchun esa jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Senat tegishli qonunni ma’qulladi.

Jinoiy uyushmani moliyalashtirganlar va noqonuniy jangovar sport musobaqalarini tashkil qilganlar javobgarlikka tortiladi
Senatning 2-oktabrdagi yalpi majlisida uyushgan jinoyatchilik hamda jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi. Hujjatga muvofiq, Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.
Majlisda taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 119 nafar, 2025-yilda 125 nafar, 2026-yilning sakkiz oyida esa 78 nafar shaxs odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etgan. 2024−2026-yillarning o‘tgan davrida bunday jinoyatlar oqibatida jami 322 kishi vafot etgan.
Burxanov bu raqamlar inson hayoti va sog‘lig‘iga qarshi yo‘naltirilgan, og‘ir oqibatlarga olib keluvchi zo‘ravonlik jinoyatlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, senator xorijiy davlatlar qonunchiligi o‘rganilganda, ayrim mamlakatlarda odam o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish uchun belgilangan jazolar qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun nazarda tutilgan jazolar bilan tenglashtirilgani, ayrim hollarda esa undan ham og‘irroq jazo choralarining belgilanganiga e’tibor qaratdi.
Qonun loyihasida uyushgan jinoyatchilikning moliyaviy asoslarini ham qamrab olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda. Amaldagi Jinoyat kodeksining 242-moddasida jinoiy uyushma tashkil etish, ya’ni jinoiy uyushma yoki uning bo‘linmalarini tuzish yoxud unga rahbarlik qilish uchun javobgarlik belgilangan.
Biroq amaldagi qonunchilikda jinoiy uyushma tashkil etish yoki u tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoxud mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali homiylik qilganlik uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksini yangi 242−1-modda bilan to‘ldirib, jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, jinoiy uyushmani moliyalashtirishda ishtirok etgan shaxs og‘ir oqibatlar yuzaga kelishi yoki jinoiy uyushmaning maqsadlari amalga oshishining oldini olish uchun vakolatli organlarga o‘z vaqtida xabar berish yoki boshqa yo‘l bilan faol ko‘maklashgan bo‘lsa va uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirgan, uni tashkil etishga yoki uyushma tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali homiylik qilgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llamaslik belgilanmoqda.
Qonun bilan bezorilik uchun jazo choralarini kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda. Bezorilikni juda ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mol-mulkini nobud qilish yoki unga shikast yetkazish, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan sodir etish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida belgilanadi.
Bundan tashqari, bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish hamda jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni og‘irlashtirish taklif etilmoqda.
Jinoyat kodeksiga yana yangi 277−1-modda kiritilib, jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, jinoyat sodir etguniga qadar 14 yoshga to‘lgan shaxslarni uyushgan guruh tomonidan bezorilik jinoyatini sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish belgilanmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining yangi 242−1-moddasida (Jinoiy uyushma tashkil etish) nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni prokuratura organlari tergovchilari olib boradi. Jinoyat kodeksining 277-moddasi to‘rtinchi qismi va yangi 277−1-moddasidagi jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni esa ichki ishlar organlari tergovchilari amalga oshiradi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ham yangi 191−1-modda bilan to‘ldirilishi ko‘zda tutilmoqda. Unda qonunga xilof ravishda tashkil etilgan jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarida ishtirok etganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Bunday huquqbuzarliklarga oid ishlarni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ko‘rib chiqishi taklif etilmoqda.

