Jetour 781 ot kuchiga ega Traveller 7 yoʻltanlamasini taqdim etdi
Xitoyning Jetour kompaniyasi yangi Traveller 7 yoʻltanlamasini namoyish qildi. U Land Rover Defender’ga xos qiyofaga ega boʻldi.

Jetour 781 ot kuchiga ega Traveller 7 yoʻltanlamasini taqdim etdi
Jetour kompaniyasi Xitoyning Chendu shahrida boʻlib oʻtgan avtosalonda oʻzining yangi Traveller 7 yoʻltanlamasini namoyish etdi. Autohome nashrining xabar berishicha, ushbu avtomobil uchun hozirda oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda. Uni band qilish uchun 777 yuan (taxminan 800 ming soʻm) miqdorida toʻlov amalga oshirish lozim.
Avtomobil dizaynining asosiy oʻziga xosligi – bu yorqin chiziq bilan birlashtirilgan dumaloq diodli kunduzgi chiroqlarga ega noodatiy old optikadir. Umuman olganda, modelning uslubi avtosanoatda "toʻrtburchak" kuzovlar trendini boshlab bergan Britaniyaning Land Rover Defender modelini eslatadi.
Avtomobil boʻrtma kapot va toʻrtburchak shaklidagi massiv havo yutgich bilan bezatilgan. Traveller 7 tomidagi ulkan reylinglar orasida panoramali lyuk joylashgan.
Qizigʻi shundaki, tizer suratlarda avtomobilning yukxona eshigiga "yoʻltanlamas" koferi oʻrnatilgan edi. Biroq, "jonli" nusxaning orqa qismida oddiy zaxira gʻildiragi koʻzga tashlanadi.
Interyer T2 yoʻltanlamasi bilan yagona konsepsiyada yaratilgan: ixcham raqamli asboblar paneli, harakatlanish rejimlarini oʻzgartirish uchun moʻljallangan shayba, simsiz quvvatlash moslamasi, orqa koʻrinish kamerasi va katta multimedia-koʻngilochar tizimi ekrani mavjud. Shuni taʼkidlash joizki, salonda ancha-muncha jismoniy tugmalar va "eski uslubdagi" sozlagichlar saqlanib qolgan.
Model Xitoyda ikki litrli benzin dvigateli bilan sotuvga chiqariladi. Agregat sakkiz pogʻonali "avtomat" uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Ulanma – toʻliq. Shuningdek, tarkibida 1,5 litrli dvigatel va uchta elektromotor boʻlgan, quvvati 781 ot kuchiga teng gibrid versiyasi ham mavjud. Umumiy yurish masofasi – 1,4 ming km.

