Sport

JCH vaqtida Ronaldu va Messiga suiqasd uyushtirish rejalashtirilgan — Marca

Jahon chempionati davomida Lionel Messi va Krishtianu Ronalduga suiqasd uyushtirish rejalari tuzilgan, deya xabar berdi Marca nashri.

Hisobotlarga ko‘ra, Argentina terma jamoasi sardori Messi 2026-yilgi mundial davomida boshqa futbolchilarga nisbatan ko‘proq tahdidlarga duch kelgan.

Argentina va Iordaniya o‘rtasidagi guruh bosqichi o‘yini oldidan, bir shaxs Dallas aeroportiga qo‘ng‘iroq qilib, stadionga yana ikki kishi bilan birga kirishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zi bilan qo‘lbola portlovchi qurilmalar va AR-15 rusumli miltiq olib kelgan. Ushbu tahdidda Messi alohida nishon sifatida tilga olingan.

Argentina va Misr o‘rtasidagi nimchorak final uchrashuvi oldidan esa ijtimoiy tarmoqlarda Messi haqida yana bir tahdid aniqlangan. Gumondorlardan biri stadionga kirib, argentinalik futbolchini portlatish niyatida ekanligini yozgan.

Shu uchrashuv vaqtida stadion hududida portlovchi qurilmalar borligi haqida ham xabar kelib tushgan. Huquq-tartibot idoralari stadionni maxsus xizmat itlari yordamida sinchiklab tekshirgan. Biroq, qidiruv ishlari natijasida hech qanday bomba topilmagan va xabar yolg‘on ekanligi aniqlangan.

Ronaldu ham tahdidlar nishonida bo‘lgan. Hisobotda Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq xavfsizlik holatlari ham qayd etilgan. FIFA xodimi futbolchining qayerda istiqomat qilayotgani haqida ma’lumot olishga urinayotgan shubhali shaxs haqida Federal qidiruv byurosiga (FBI) xabar bergan. Keyinchalik Xyuston politsiyasi ushbu shaxsni Portugaliya terma jamoasi joylashgan mehmonxonada qo‘lga olgan.

Toronto shahrida esa yana bir kishi Ronaldu bilan bir liftga kirishga uringani uchun hibsga olingan. U futbolchi bilan shunchaki suratga tushmoqchi bo‘lganini bildirgan.