"Jazoni ogʻirlashtirish toʻliq yechim emas": Faollar Namangandagi bogʻchada bolaning zoʻrlangani hodisasi haqida
Namanganda 5 yoshli qizaloqqa nisbatan sodir etilgan jinoyat jamiyatda yana bir ogʻriqli savolni kun tartibiga chiqardi: bolalarni jinsiy zoʻravonlikdan himoya qilish uchun qanday jazo kerak? Huquq faollari va huquqshunoslar muammoning ildizi jazodan ancha chuqurda ekanini aytmoqda.

"Jazoni ogʻirlashtirish toʻliq yechim emas": Faollar Namangandagi bogʻchada bolaning zoʻrlangani hodisasi haqida
Besh yoshli qizaloqqa nisbatan sodir etilgan jinsiy zoʻravonlik Oʻzbekistonda katta jamoatchilik rezonansiga sabab boʻldi.
Gumonlanuvchi qoʻlga olindi, ish Bosh prokuratura nazoratiga olingani maʼlum qilindi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi bola va uning oilasi boshqa viloyatga koʻchirilishi hamda oila ish bilan taʼminlanishini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, jamiyatda bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik uchun jazoni yanada kuchaytirish, jumladan, oʻta ogʻir holatlarda umrbod ozodlikdan mahrum qilish masalasi muhokama qilinmoqda.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov esa Oʻzbekiston bu masalada ancha kechikkanini taʼkidlaydi.
«Negadir parlament va deputatlar bu masalaga yetarlicha eʼtibor qaratmadi»
Abdurahmon Tashanovning fikricha, bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik mavzusi uzoq yillar davomida jamiyatda ochiq muhokama qilinmagan.
«Oʻzbekistonda pedofiliya jinoyatlarining xususiyatlarini oʻrganadigan boʻlsak, bu biz uchun avvaldan tabu mavzu boʻlgan. Bu jinoyatlar sovet davrida ham, boshqa davrlarda ham ochiq muhokama qilinmagan. Shunga qaramay, bunday jinoyatlar doim sodir etib kelingan. Shu nuqtai nazardan bu jinoyatlarning tarixiy ildizlarini ham oʻrganish kerak. Ayniqsa, 2023-yilda Xorazmda yetimxonadagi qizlarga nisbatan zoʻravonlik bilan bogʻliq voqealar ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans berdi. Shundan keyin 2023-yil aprel oyida Jinoyat kodeksining 118-moddasiga 4-qism kiritildi. Unga koʻra, 14 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik 15 yildan 20 yilgacha etib belgilandi.
Hozir Saida Mirziyoyeva tomonidan ilgari surilayotgan huquqiy islohot - pedofiliya jinoyatlari uchun umrbod jazo belgilash taklifi ham huquqiy jihatdan muhokama qilinishi mumkin. Chunki jinoyat qonunchiligimizda terrorizm, odam oʻldirish kabi oʻta ogʻir jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud.
Biz bu masalada biroz kechikdik. Chunki yetimxonalar, mehribonlik uylarida bunday jinoyatlar sodir etilgani haqida maʼlumotlar bor. Margʻilon, Qoʻqon, Chinoz va ayrim xususiy mehribonlik uylarida ham shunday holatlar qayd etilgan. Biz inson huquqlari tashkiloti sifatida bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikka oid alohida huquqiy normalarni ishlab chiqish va ularni jinoyat qonunchiligiga kiritish boʻyicha takliflarni doim berib keldik. Lekin, nimagadir, parlament va deputatlar bu masalaga yetarlicha eʼtibor qaratmadi.»

