Mahalliy

“Jasadni chuqurdan chiqarolmagach, bolta bilan bo‘lakladim”. Toshkent viloyatida ukasini o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi

“Jasadni chuqurdan chiqarolmagach, bolta bilan bo‘lakladim”. Toshkent viloyatida ukasini o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida ukasini o‘ldirib, jasadini yoqib yuborgan erkak 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1990-yilda tug‘ilgan erkak 1998-yilda tug‘ilgan ukasi bilan Ohangaron tumanidagi xonadonlardan birida birga yashagan. 2026-yil yanvar oyida ular orasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. O‘sha kuni spirtli ichimlik ichgan uka avtomobil olmoqchi ekanini aytib, telefonidan mashina suratini ko‘rsatgan. Akasi esa unga avval majburiy ijro byurosidagi (MIB) qarzini to‘lashi kerakligini, haydovchilik huquqidan mahrum qilingan holda mashinani qanday boshqarishini o‘ylab ko‘rishi lozimligini aytgan.

Shundan keyin uning aytganiga ko‘ra uka ikki shisha konyak va energetik ichimliklar olib kelgan. Yarim soat ichida bir shisha konyakni ichib bo‘lgach, uy kimga tegishli ekanini so‘rab, akasidan oilasi bilan uydan chiqib ketishni talab qilgan. A.B. uyni onasi sotib olganini, ertalab u bilan gaplashgach, boshqa joyga ketishini bildirgan.

Sudlanuvchining aytishicha, uka o‘zini “ko‘cha bolasi” deb atab, akasi va uning turmush o‘rtog‘ini haqorat qilgan.

“Ukam ‘xotining ham ko‘chada mazza qilibdi-yu, biz ham uyda mazza qilib yashaylik’, dedi. Keyin ‘102’ga qo‘ng‘iroq qilib, meni uydan chiqarib yuborishini, kerak bo‘lsa men va xotinimni ko‘chada yura olmaydigan qilib qo‘yishini aytdi. Telefonini ko‘rsatib, bir milliard pulim bor, deb meni haqorat qildi. Shunda uning avval mast holda onam bilan janjallashgani esimga tushib, o‘zimni boshqara olmay qoldim”, degan sudlanuvchi suddagi ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng u oshxona pichog‘i bilan mast ukasining bo‘yniga uch marta zarba bergan. Natijada jabrlanuvchi ko‘p qon yo‘qotib, voqea joyida vafot etgan.

Qotillikdan keyin erkak jinoyatni yashirishga uringan. U jasadni ko‘rpaga o‘rab, hovlida hojatxona uchun qazilgan chuqurga sudrab olib borgan. So‘ng ustidan benzin quyib yoqqan. Taxminan ikki soat o‘tgach, chuqurdan hanuz tutun chiqayotganini ko‘rib, uyni ta’mirlash uchun olib kelingan ikki qop sementni jasad ustiga to‘kib, qum bilan ko‘mgan.

Ertasi kuni u singlisiga ukasi uydan chiqib ketgani va qaytmaganini aytgan. Ukasidan darak bo‘lmagach, singlisi 23-yanvar kuni ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Xonadonga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, chuqur ustidagi tuproqqa e’tibor qaratgan. A.B. chuqur ancha yildan beri borligi va undan axlatlarni tashlab yoqish uchun foydalanishini aytgan. U bu yerda axlat yoqishini aytib, xodimlarni chalg‘itgan. Biroq ular ketgach, shubha ostida qolganini anglab, jasadni boshqa joyga ko‘chirishga qaror qilgan.

U 24-yanvardan 25-yanvarga o‘tar kechasi jasadni qayta qazib olishga uringan. Uni butun holda chiqarishning imkoni bo‘lmagach, bolta yordamida marhumning ikki oyog‘i va chap qo‘lini tanasidan ajratgan. Ikki oyoq va chap qo‘lni xonadondan 400 metr uzoqlikdagi toshlar orasiga yashirgan, bosh va tana qismini esa soyning qirg‘og‘iga ko‘mib yuborgan.

Rossiyadan qaytib kelgan ona kenja o‘g‘lining qayerdaligini so‘raganida, A.B. avval uni aldagan, biroq oxir-oqibat qotillikni tan olgan. Onasi uning huquq-tartibot idoralariga borib taslim bo‘lishini talab qilgan. Ammo A.B. qamalishdan qo‘rqib, turmush o‘rtog‘i bilan Toshkentdan avtobusda Navoiy viloyatiga ketgan. O‘sha kuni kechqurun IIO xodimlari uni topib, Ohangaron tumani IIBga olib kelgan. U 4-fevral kuni jinoyatni bo‘yniga olib, jasad qismlari yashirilgan joylarni ko‘rsatgan.

U 4-fevral kuni aybini bo‘yniga olish va pushaymonlik haqidagi ariza yozib, jasad qismlarini yashirgan joylarni ko‘rsatgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi jasadni bo‘laklash va kuydirish bilan bog‘liq jarohatlar marhum vafot etganidan keyin yetkazilganini tasdiqlagan. DNK ekspertizasi topilgan qoldiqlar sudlanuvchining ukasiga tegishli ekanini 99,9 foiz aniqlik bilan ko‘rsatgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudi hukmiga ko‘ra, A.B. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari (aybdorga ayon ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) hamda 134-moddasi (murdani tahqirlash) bilan aybdor deb topildi. Unga nisbatan uzil-kesil 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.