Jarqoʻrgʻonda oʻquvchiga nomaqbul munosabat: texnikumning uch xodimi ishdan olindi
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi 2-son texnikumda oʻquvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etilgani yuzasidan uch xodim ishdan olindi, yana uch xodimga hayfsan berildi. Bu haqda Kasbiy taʼlim agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Jarqoʻrgʻonda oʻquvchiga nisbatan nomaqbul munosabat: texnikumning uch nafar xodimi ishdan bo‘shatildi
Agentlik bergan maʼlumotga ko‘ra, oʻquvchining otasi 30-sentabr kuni ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. O‘tkazilgan surishtiruvdan so‘ng holatga huquqiy baho berilib, sud muhokamasidan keyin tegishli jazo chorasi qo‘llangan.
Holat maʼlum bo‘lgach, texnikumda xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Unda voqeaning yuzaga kelish sabablari hamda masʼul xodimlarning o‘z vazifalarini qay darajada bajargani o‘rganilgan.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun texnikumning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari va psixologi lavozimidan ozod etilgan.
Oʻquvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan ishlab chiqarish taʼlimi ustasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilingan.
Shuningdek, oʻquv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ishlab chiqarish taʼlimi bo‘yicha direktor o‘rinbosari va fizika fani o‘qituvchisiga hayfsan intizomiy jazosi berilgan.
Agentlik barcha hududlarda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻquvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda taʼlim muassasalarida xavfsiz muhitni taʼminlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganini bildirgan.
«Har bir oʻquvchi taʼlim muassasasida oʻzini xavfsiz va himoyalangan his qilishi kerak», - deyiladi munosabatda.
Agentlik bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun nazorat va profilaktika mexanizmlari ishlab chiqilishi, oʻquvchilar murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish bo‘yicha rahbar va xodimlarning javobgarligi kuchaytirilishini maʼlum qilgan.

