Janubiy Koreyada toʻrt nafar Oʻzbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirishda ayblandi
Janubiy Koreyada boʻlib turgan toʻrt nafar Oʻzbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda. Ularga Suriyadagi terrorchilik guruhiga pul va transport vositalari yuborganlik aybi qoʻyilmoqda. Kvandju politsiya boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, oʻzbekistonliklardan biri 2024 yilning avgustidan 2025 yilning apreliga qadar «Katiba [...] guruhiga 6,3 million von (4600 dollar) miqdoridagi kripto-valyutani yetti marta oʻtkazgan.

Janubiy Koreyada toʻrt nafar Oʻzbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirishda ayblandi
Janubiy Koreyada boʻlib turgan toʻrt nafar Oʻzbekiston fuqarosiga terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonunni buzish aybi qoʻyilmoqda. Ular Suriyadagi terrorchilik guruhiga pul va transport vositalari yuborganlikda gumon qilinmoqda.
Kvandju politsiya boshqarmasi xabariga koʻra, oʻzbekistonliklardan biri 2024 yilning avgust oyidan 2025 yilning aprel oyiga qadar BMT tomonidan terrorchilik tashkilotlari roʻyxatiga kiritilgan «Katiba at-Tavhid val-Jihod» (KTJ) guruhiga yetti marta jami 6,3 million von (4600 dollar) miqdorida kriptoaktivlar oʻtkazgan.
29 yoshli erkak, shuningdek, KTJdan kriptoaktivlar olganlikda ham gumon qilinmoqda. U ushbu mablagʻlarni Janubiy Koreyada umumiy qiymati 170 million von boʻlgan 11 ta eskirgan avtomobil va ikkita ekskavator sotib olishga yoʻnaltirgan, shundan soʻng ularni Suriyaga joʻnatgan.
Politsiyaning fikricha, ekskavator va avtomobillardan Suriyada KTJ bazalarini jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun foydalanilgan.
KTJ — «Al-Qoida» bilan aloqador boʻlgan va asosan oʻzbeklar hamda qirgʻizlardan tashkil topgan qurolli guruhdir. 2022 yilda BMT uni terrorchilik tashkiloti deb tan olgan.
Tergovchilarning fikricha, gumonlanuvchi rasman KTJ aʼzosi boʻlmagan, biroq guruh aʼzosi boʻlgan ukasining taʼsiri ostida unga yordam berishni boshlagan.
Erkak aprel oyida — Interpol unga nisbatan qizil bildirishnoma (qidiruv) eʼlon qilganidan bir oy oʻtib qoʻlga olingan. Keyinchalik unga ayblov eʼlon qilinib, hibsda qoldirilgan.
Tergov aniqlashicha, erkak Janubiy Koreyaga 2017 yil avgust oyida D-2 talabalik vizasi bilan kelgan, Tejondagi universitetni tamomlagan, viza muddati 2023 yil yanvarida tugaganidan keyin esa mamlakatda noqonuniy qolib, Tejonda yashagan va qurilishlarda kunlik ishchi boʻlib ishlagan.
Yana uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi asosiy gumonlanuvchiga sheriklik qilishda — xususan, eskirgan transport vositalarini izlab topishda ayblanmoqda. Ular tergov qilinmoqda, biroq ozodlikda qolmoqda.
Asosiy gumonlanuvchining ishi allaqachon sud tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Hukm 3 sentyabr kuni eʼlon qilinishi kerak, prokuratura sakkiz yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini talab qilgan.

