Dunyo

Janubiy Amerika piranyalari Malayziya daryosida paydo boʻldi

Malayziyaning Paxang shtatidagi Klau daryosida soʻnggi 30 kun ichida ikkinchi piranya ushlandi. Mutaxassislar baliqlar qizil qorinli piranya turiga mansub boʻlishi mumkinligini aytmoqda. Janubiy Amerikaga xos ushbu baliq Malayziya uchun invaziv tur hisoblanadi va mahalliy ekotizimga xavf tugʻdirishi mumkin.

Janubiy Amerika piranyalari Malayziya daryosida paydo boʻldi

Malayziyaning Paxang shtati Raub tumanidagi Klau daryosida yana bir piranya tutildi. Bu haqda atrof-muhitni muhofaza qilish bilan shugʻullanuvchi Jejak Air Tawar tashkiloti maʼlum qildi.

Dastlabki baholashlarga koʻra, tutilgan baliq oddiy yoki qizil qorinli piranya — Pygocentrus nattereri turiga mansub boʻlishi mumkin. Bu turning tabiiy yashash hududi Janubiy Amerika daryolari hisoblanadi. Malayziya suv havzalarida esa piranyalar mahalliy tur emas va invaziv organizm sifatida baholanadi.

Birinchi piranya 26-avgust kuni Klau toʻgʻoni yaqinida baliqchilar toʻriga ilinib qolgan edi. Taxminan bir oy oʻtgach, ayni hududdagi daryodan ikkinchi shunga oʻxshash baliq tutildi.

Malayziya Baliqchilik departamenti mamlakat suv havzalarida qizil qorinli piranyalarning barqaror populyatsiyasi borligi haqida hozircha maʼlumot yoʻqligini bildirdi. Shu sababli ikki baliqning tutilishi ularning daryoda koʻpayib ketganini tasdiqlamaydi. Biroq qisqa muddat ichida ikkita namunaning aniqlangani mutaxassislarda jiddiy xavotir uygʻotgan.

**Birinchi baliqni oʻrganish imkoni boʻlmagan**

Avgust oyida tutilgan birinchi baliq faqat surat orqali oʻrganilgan. Mutaxassislar tashqi belgilariga qarab uni Pygocentrus turkumiga kiritgan, ammo faqat fotosurat asosida baliqning aniq turini ishonchli aniqlab boʻlmasligi qayd etilgan.

Baliqni tutgan shaxs uning nobud boʻlgani va keyin tashlab yuborilganini aytgan. Shu sabab mutaxassislar birinchi namunani bevosita tekshirish, oʻlchamlarini qayd etish yoki genetik tahlil oʻtkazish imkoniga ega boʻlmagan.

Ikkinchi holatda Jejak Air Tawar vakillari baliqchi bilan bogʻlanib, undan bir nechta surat va videolarni olgan. Materiallarni koʻzdan kechirgan mutaxassislar ikkinchi baliq ham avvalgisi bilan bir turga mansub, degan dastlabki xulosaga kelgan.

**Piranyalarni kimdir suvga qoʻyib yuborgan boʻlishi mumkin**

Ekologlarning taxminiga koʻra, piranyalarni kimdir ataylab yoki ehtiyotsizlik oqibatida suv havzasiga tashlab yuborgan. Biroq ular toʻgʻridan-toʻgʻri daryoga qoʻyib yuborilganmi yoki avval Klau suv omboriga tashlanganmi — hozircha nomaʼlum.

Suv havzasiga nechta piranya chiqarib yuborilgani ham aniq emas. Jejak Air Tawar tashkiloti vakillarining taʼkidlashicha, bunday baliqlar koʻpincha yakka holda emas, balki guruh boʻlib qoʻyib yuboriladi. Shu bois daryoda yana boshqa piranyalar boʻlishi ehtimoli istisno qilinmayapti.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.