Janubi-Sharqiy Osiyoni boʻgʻayotgan zaharli smog uchun kim aybdor?
Indoneziyada yerlarni yoqib yuborishda ayblanayotgan kompaniyalarga va ularni toʻxtatib qola olmagan hukumat organlariga nisbatan gʻazab ortib bormoqda.

Janubiy-Sharqiy Osiyoni qoplagan zaharli tutun uchun kim javobgar?
Indoneziyaning Kalimantan orolida haftalardan beri oʻrmon yongʻinlari davom etmoqda
Indoneziya soʻnggi oʻn yillikdagi eng ogʻir oʻrmon yongʻinlari mavsumiga duch kelar ekan, zaharli tutun mintaqadagi millionlab insonlarning nafasini siqmoqda.
Kalimantan va Sumatra orollarida havo xavotirli zargʻaldoq tusga kirdi, havo sifati esa xavfli darajada deb baholanmoqda.
Shuningdek, «smog» (tutun) deb ataladigan bu zaharli havo Indoneziya chegaralaridan tashqariga, qoʻshni mamlakatlarga tarqalib, aholi salomatligi boʻyicha xavotirlarni keltirib chiqardi. U Singapurning ufq manzarasini toʻsib qoʻydi va Malayziyaning baʼzi qismlarida maktablarning yopilishiga olib keldi.
Endilikda ekin maydonlariga oʻt qoʻyishda ayblanayotgan kompaniyalarga, shuningdek, ularni toʻxtatishga qiynalayotgan hokimiyat organlariga nisbatan gʻazab ortib bormoqda.
Bu yilgi har yilgi quruq mavsum oʻrmon yongʻinlari, dunyo boʻylab ob-havo sharoitlarini oʻzgartiradigan tabiiy iqlim hodisasi — gʻayrioddiy darajada kuchli El-Nino tufayli ayniqsa ogʻir kechdi.
Mustaqil oʻrmon monitoringi platformasi boʻlmish Nusantara Atlas maʼlumotlariga koʻra, Indoneziyada 1 043 377 ta oʻrmon yongʻini oʻchoqlari qayd etilgan boʻlib, jami 900 000 gektar yer maydoni yonib ketgan.
Indoneziya oʻrmonlari va torfzorlaridagi koʻplab yongʻinlar yer olish uchun oʻsimliklarni tozalash, yaʼni «kesish va yoqish» amaliyoti natijasida kelib chiqmoqda.
Bu qishloq xoʻjaligi usuli Indoneziyadagi dehqonlar tomonidan yangi ekinlar uchun ozuqa moddalariga boy tuproq yaratish maqsadida uzoq vaqtdan beri qoʻllanilib kelinadi.
Biroq bugungi kunda bu kabi yongʻinlarning koʻpi tijorat dehqonchiligi bilan bogʻliq va ancha keng miqyosda sodir boʻlmoqda, bu esa ularni nazorat qilishni qiyinlashtirmoqda. Faollar va hukumat surishtiruvlari baʼzi kompaniyalarni keng maydonlarni tozalashning arzon usuli sifatida oʻt qoʻyishdan foydalanishda qayta-qayta ayblab keladi.
Indoneziyada «kesish va yoqish» usulida dehqonchilik qilish noqonuniy boʻlsa-da, bu taqiqning ijrosini taʼminlash uzoq vaqtdan beri qiyin kechmoqda.
Nima boʻlgichda ham, bu yilgi davomli zaharli tutun Indoneziya rasmiylarini aybdorlarni jazolash boʻyicha harakatlarni kuchaytirishga majbur qildi.
Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto «kesish va yoqish» usulidagi dehqonchilikni «ekologik terrorizm» deb taʼriflab, unga qarshi yanada qatiqroq jazolar qoʻllashga chaqirdi.
Oʻtgan oyda Indoneziya rasmiylari oʻrmon yongʻinlariga aloqador 26 ta kompaniyaning faoliyat litsenziyasini toʻxtatib qoʻyganliklarini va boshqalari boʻyicha surishtiruv boshlaganliklarini maʼlum qilishdi. Rasmiylar jinoiy elementlarni oʻz ichiga olgan ishlar sudga oshirilishiga vaʼda berishdi.
Bor-u, zaharli tutun atrofidagi bahslar faqat Indoneziya kompaniyalari bilan cheklanib qolmaydi.
Greenpeace tashkilotining shu oyda eʼlon qilingan hisobotida Singapur va Malayziyada joylashgan, Indoneziyadagi oʻrmon yongʻinlari sodir boʻlayotgan yer maydonlariga aloqador boʻlgan korxonalar nomi keltirilgan.
Ular orasida Singapurda joylashgan First Resources palma yogʻi kompaniyasi ham bor. Greenpeace’ning bildirishicha, avgust va sentyabr oylari oraligʻida uning Indoneziyadagi ikkita shoʻʼba korxonasi tomonidan boshqariladigan yerlarda 30 dan ortiq tutun manbai nuqtalari qayd etilgan.
First Resources BBC’ga bergan bayonotida «barcha ekish ishlarida qatʼiy yongʻinsizlik siyosatiga amal qilishini hamda butun faoliyati davomida yongʻinning oldini olish, monitoring qilish va yongʻinni oʻchirish boʻyicha mustahkam choralarni amalga oshirishini» maʼlum qildi.
Greenpeace shuningdek, Malayziyaning Kuala Lumpur Kepong plantatsiya guruhi nomini ham tilga oldi, uning shoʻʼba korxonasi PT Menteng Jaya Sawit Perdana Indoneziyada 19 ta tutun manbai nuqtasi qayd etilgan yerni boshqargan.
Kuala Lumpur Kepong oʻz bayonotida yongʻinlarning «koʻpchiligi» uning kontsessiya hududidan tashqarida boshlanganini va ularning barchasi oʻchirilganini aytdi.
«Biz oʻz faoliyatimizda yerni tayyorlash yoki boshqa har qanday maqsadda ochiq yongʻin chiqarishdan foydalanishni yoqlamaymiz va bunga yoʻl qoʻymaymiz», deyiladi bayonotda.
Hukumatlar aybdor kompaniyalarni jazolashda qanchalik samarali boʻla olishi noaniqligicha qolmoqda.
2014 yilda Singapur Chegaralararo tutun bilan ifloslanish toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi, bu qonun hukumatga tutun paydo boʻlishiga hissa qoʻshgani aniqlangan mahalliy va xorijiy firmalarga qarshi chora koʻrish imkonini beradi.
Keyingi yili Singapurda kuchli tutun hodisasi yuz berganda, rasmiylar yangi qonunga muvofiq javobgarlikka tortish maqsadida, yerni yoqib tozalagan deb hisoblangan bir qancha Indoneziya kompaniyalariga chaqiruv qogʻozi yuborishdi.
Bu Jokartaning keskin tanqidiga sabab boʻldi, u bu qadam ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazganini aytdi. Indoneziya hamkorlik qilishdan bosh tortgani sababli, Singapur rasmiylari gumon qilinayotgan kompaniyalar haqida maʼlumot ololmaganliklarini bildirishdi.
Shuningdek, 2015 yilda Indoneziyaning oʻsha paytdagi Vitse-prezidenti Yusuf Kalla Singapurliklarning gʻazabini chiqardi: «11 oy davomida ular Indoneziyadan kelgan yoqimli havodan bahramand boʻlishdi va bizga hech qachon minnatdorchilik bildirishmadi... ular bir oy tutundan aziyat chekishdi va darhol xafa boʻlishmoqda».
Shunga oʻxshash keskinlik oʻtgan dam olish kunlarida yana yuzaga keldi, oʻshanda Indoneziya hukumat aloqalari agentligini boshqaradigan Syaxganda Nainggolan avj olayotgan oʻrmon yongʻinlari inson nazoratidan tashqarida ekanini aytdi va qoʻshni Singapur hamda Malayziyadagi kislorod «bizning oʻrmonlarimizdan ham kelishini» qoʻshimcha qildi.
«Tutun boʻlmaganda, biz kislorod yuboramiz», deya qoʻshimcha qildi u ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda va bu malayziyaliklar hamda singapurliklarning tanqidi va masxarasiga sabab boʻldi.
Biroq Indoneziya oʻtmishda tutun keltirib chiqargani uchun qoʻshnilaridan kechirim soʻragan holatlar ham boʻlgan.
Bu yil Indoneziya rasmiylari Singapur va Malayziyaga oʻrmon yongʻinlariga qarshi kurashda yordam taklif qilganlari uchun minnatdorchilik bildirishdi, garchi Indoneziya rasman xalqaro yordam soʻramagan boʻlsa-da.
Indoneziyaning ichida fuqarolik jamiyati guruhlari hukumatni harakat qilishga undashga harakat qilmoqda.
Gʻarbiy Kalimantan provintsiyasining Pontianak shahrida bir qancha guruhlar Indoneziya hukumati va Prabovoga qarshi jamoaviy daʼvo arizasi berib, ularni takrorlanayotgan zaharli tutun boʻyicha «oʻta beparvolikda» ayblashdi.
Ular hukumatdan zaharli tutunni milliy ofat deb eʼlon qilishini xohlashadi, bu esa sogʻliqni saqlash xarajatlarini qoplash kabi qayta tiklash choralarini koʻrish imkonini beradi.
Oʻtgan yili Janubiy Sumatrada ham shunga oʻxshash ish qoʻzgʻatilgan edi, ammo u rad etilgan.
Ayni paytda, Kalimantan va Sumatrada, joylarda havoning ifloslanish darajasi haftalar davomida xavfli darajada qolmoqda.
Koʻpchilik har kuni zaharli tutunga chidashdan boshqa choraga ega emas.
«Hozir havodan nafas olganimda nafasim qisilib, boshim ogʻriyapti. Lekin baribir ishlashim kerak», — dedi Sumatra orolidagi Pekanbaru shahrida yashovchi 63 yoshli mototsikl taksi haydovchisi Imrayedi oʻtgan hafta BBC Indonesian xizmatiga.
«Hukumat bizga oʻxshagan oddiy odamlar haqida ham oʻylashi kerak. Iltimos, bu tutun muammosi zudlik bilan hal qilinishi uchun yechim topishga chora koʻring».

