Janni Infantino: “Badavlat federatsiyalar boshqalarning rivojlanishini istamayapti”

Janni Infantino: "Boy federatsiyalar boshqalarning rivojlanishini istamayapti"
FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotning asosiy vazifasi boy va moliyaviy imkoniyati cheklangan federatsiyalar o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish ekanligini ta’kidladi.
So‘nggi paytlarda Infantino jiddiy bosim ostida qolmoqda. Bunga uning FIFA tijorat huquqlarining 20 foizini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar ishlab topish rejasi amalga oshmay qolgani sabab bo‘lgan. Agar ushbu kelishuv amalga oshganida, har bir federatsiyaga 40 million dollardan mablag‘ tegishi mumkin edi.
23-avgust, yakshanba kuni Dominikan Respublikasida Karib havzasi futbol ittifoqi vakillari bilan uchrashgan FIFA rahbari o‘z maqsadlari haqida shunday dedi:
"Bizning ishimiz — 211 ta a’zo mamlakatning har birida futbolni rivojlantirish. Afsuski, ba’zi yirik federatsiyalar bunga muhtoj emas va boshqalarning o‘sishini ham xohlamaydi. Ammo biz yetakchi davlatlar va qolganlar o‘rtasidagi bu farqni qisqartirishimiz shart. Boshqalar uchun ham sarmoya va imkoniyatlar eshigini ochishimiz kerak".
Kelasi yili FIFA prezidentligi uchun saylovlar o‘tkaziladi. Biroq Reuters nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, UEFA, OFK va KONKAKAF Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi mumkin. Ayni paytda tashkilotlar ichida shu masala muhokama qilinmoqda.
Qiziq jihati shundaki, KONKAKAF prezidenti Viktor Montalyani Infantinodan Dominikandagi o‘smirlar (U-14) turniriga kelmaslikni so‘ragan edi. FIFA rahbariga nisbatan e’tirozlar kuchayib borayotgani sababli uning tashrifi musobaqa nufuziga salbiy ta’sir qilishi aytilgan. Shunga qaramay, turnirga borgan Infantino o‘zini juda iliq kutib olishganini ma’lum qildi.

