Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi paydo boʻlishi mumkin. U qanday ishlaydi?
Pensiya islohoti doirasida Oʻzbekistonda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish taklif qilinmoqda. Mutaxassis bu tizim qanday ishlashi, davlat tomonidan beriladigan qoʻshimcha mablagʻ, jamgʻarilgan pulni qachon yechib olish mumkinligi va yuqori daromadli fuqarolar uchun taklif etilayotgan mexanizmlar haqida gapirdi.

Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi joriy etilishi mumkin. U qanday ishlaydi?
Hozir Oʻzbekistonda uch pogʻonali pensiya tizimi amal qiladi. Birinchi pogʻona — davlat pensiyasi boʻlib, uni Pensiya jamgʻarmasi taʼminlaydi. Ikkinchi va uchinchi pogʻonalar esa jamgʻarib boriladigan hamda xususiy yoki korporativ pensiya mexanizmlarini oʻz ichiga oladi. Ayni paytda jamgʻarib boriladigan tizim Xalq banki orqali yuritilmoqda.
Davlat pensiyasi bilan jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini alohida koʻrish lozim. Ular bir-biridan mustaqil tizimlar hisoblanadi.
“Davlat pensiyasida fuqaroning pensiya huquqi ish beruvchi tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq hisobidan shakllanadi. Jamgʻarib boriladigan tizimda esa fuqaro oʻz mablagʻi hisobidan jamgʻaradi va shu orqali kelgusidagi pensiya huquqini shakllantiradi” – dedi Sardor Fayzullayev.
Jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga tushgan mablagʻ fuqaroning mulki hisoblanadi. U keyinchalik meros qilib qoldirilishi ham mumkin.
Yangi loyihada aholining kam daromadli qatlamini ixtiyoriy ravishda pensiya uchun jamgʻarishga undash mexanizmi taklif etilmoqda. Xorijiy amaliyotda bu matching contribution deb ataladi — yaʼni fuqaro jamgʻargan mablagʻning maʼlum qismi davlat tomonidan ham qoʻshib beriladi.
Masalan, fuqaro oyiga 1,5 mln soʻm ish haqi olsa va uning 5 foizini jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazsa, bu 75 ming soʻmni tashkil etadi. Taklif qilinayotgan mexanizmga koʻra, davlat ushbu summaning 50 foizi — 37,5 ming soʻmni qoʻshadi.
Shunda fuqaroning hisobvaragʻiga bir oyda jami 112,5 ming soʻm tushadi.
“Asosiy maqsad — kam daromadli fuqarolarni jamgʻarishga ragʻbatlantirish” – dedi jamgʻarma masʼuli.
Jamgʻarma uzoq muddat saqlansa, investitsiya daromadi va murakkab foiz mexanizmi hisobiga uning miqdori oshib borishi koʻzda tutilmoqda.
Jamgʻarib boriladigan pensiya mablagʻi fuqaroning mulki boʻlsa-da, uni istalgan vaqtda va istalgan maqsadda yechib olish imkoniyati berilishi rejalashtirilmagan.

