Jaloliddin Masharipov sabab “Sepahon” “Istiqlol”ni sudga bermoqchi — manba

Jaloliddin Masharipov bilan bog‘liq vaziyat tufayli “Sepahon” klubi “Istiqlol”ni sudga bermoqchi, deya xabar bermoqda manba.
Eronning “Sepahon” futbol klubi o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipovning ro‘yxatdan o‘tkazilishi va o‘tgan mavsumdagi o‘zaro o‘yinda maydonga tushirilgani yuzasidan “Istiqlol” jamoasi ustidan shikoyat tayyorlamoqda. Footballi nashrining ma’lumotiga ko‘ra, “Sepahon” rahbariyati dastlab bu masalani Eron futbol federatsiyasining Intizom qo‘mitasi orqali hal qilishni rejalashtirgan. Agar klub mahalliy qo‘mitadan qoniqarli javob ololmasa, ish xalqaro sport tashkilotlariga oshirilishi mumkin.
Klubning e’tirozi asosan ikkita jiddiy masalaga qaratilgan. Birinchidan, “Istiqlol” Masharipovni FIFA tomonidan klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlangan bir paytda qaydnomaga kiritgan. Ikkinchidan, futbolchi mavsum boshida “Istiqlol” qaydnomasidan chiqarilganiga (amaldagi shartnomasi saqlanib qolgan holda) qaramay, qishki transfer oynasi rasman ochilishidan oldin yana jamoa ro‘yxatiga kiritilgan. “Sepahon” vakillarining ta’kidlashicha, Masharipovning holati transfer oynasi yopiq paytda futbolchini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beruvchi maxsus holatlarga to‘g‘ri kelmaydi va ular bu jarayon FIFA’ning qaysi qoidalariga asoslanib amalga oshirilganiga oydinlik kiritishni talab qilmoqda.
Agar ushbu shikoyat o‘rinli deb topilsa va “Istiqlol” qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani tasdiqlansa, o‘zbekistonlik futbolchining o‘zaro o‘yinda maydonga tushgani qonuniy jihatdan qayta baholanadi. Natijada o‘yin hisobi bekor qilinib, buning ortidan Eron chempionatidagi umumiy turnir jadvaliga jiddiy o‘zgarishlar kiritilishi ehtimoli mavjud. Manbaning ta’kidlashicha, “Sepahon” rahbariyatining mazkur masalani aynan hozir ko‘tarib chiqayotgani o‘tgan mavsum g‘olibini e’lon qilish va unga chempionlik kubogini topshirish jarayoni yaqinlashgani bilan bevosita bog‘liq.

