Jahon mehnat bozorida asosiy e’tibor diplomga emas, amaliy ko‘nikmalarga qaratilmoqda — IHTT
Dunyo mehnat bozorida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomdan ko‘ra xodimning amaliy ko‘nikmalari va real topshiriqlarni bajara olish qobiliyatiga e’tibor ortmoqda. IHTT prognoziga ko‘ra, aholisi qarib borayotgan hududlarda keyingi 15 yilda ishchi kuchi tanqisligi 15 foizga oshishi mumkin.

Jahon mehnat bozorida diqqat markazi diplomdan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga ko‘proq qaratilmoqda — IHTT
Dunyo mehnat bozorida oliy ma’lumot haqidagi diplomdan ko‘ra xodimning amaliy ko‘nikmalari va real vazifalarni bajarish salohiyatiga e’tibor tobora kuchaymoqda. Bu haqda 29-oktabr kuni Samarqandda o‘tayotgan Global Talent Forum xalqaro anjumani doirasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Ko‘nikmalar markazi rahbari El-Iza Muhammadu ma’lum qildi.
IHTTning 2026-yilgi tadqiqoti 38 mamlakatni qamrab olgan. Unga ko‘ra, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, o‘qituvchilik, fan va muhandislik yo‘nalishlarida malakali kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Tashkilot prognozlariga ko‘ra, aholisi eng tez qarib borayotgan hududlarda keyingi 15 yil ichida ishchi kuchi tanqisligi qariyb 15 foizga oshishi mumkin. Bunday holat aholining qarishi bilan birga raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq.
IHTT Ko‘nikmalar markazi rahbari taqdimotida katta yoshdagilarning kasbiy bilimlarini yangilash imkoniyatiga alohida urg‘u berilgan.
IHTT ma’lumotlariga ko‘ra, ish bilan bandlarning 49 foizi norasmiy ta’limda, ya’ni diplom olishga yo‘naltirilmagan kurslar, treninglar va malaka oshirish dasturlarida qatnashadi. Ishsizlar orasida bu ko‘rsatkich 34 foizni, mehnat bozoridan tashqaridagi aholi orasida esa 17 foizni tashkil etadi.
Ta’lim darajasi bo‘yicha ham sezilarli tafovut bor. Oliy ma’lumotli kattalarning 61 foizi qo‘shimcha ta’limda ishtirok etsa, to‘liq o‘rta ma’lumotga ega bo‘lmaganlar orasida bu ko‘rsatkich atigi 19 foizni tashkil qiladi.
Ko‘nikmalar markazi rahbari ta’kidlashicha, yangi bilim va ko‘nikmalarga ko‘proq ehtiyoj sezishi mumkin bo‘lgan aholi qatlamlari ularga ega bo‘lish imkoniyatlaridan nisbatan kam foydalanmoqda. Bu esa mehnat bozoridagi tengsizlik yanada chuqurlashishi xavfini tug‘diradi.
Taqdimotda xalqaro ta’lim va yuqori malakali mutaxassislar harakatiga oid ma’lumotlar ham keltirilgan. IHTT mamlakatlarida 2024-yilda bakalavriatga yangi qabul qilingan talabalarning o‘rtacha 11 foizini xorijliklar tashkil etgan. Magistraturada bu ko‘rsatkich 24 foiz, doktoranturada esa 34 foizga yetgan.
Bu yuqori ta’lim bosqichlarida xorijiy talabalar ulushi sezilarli darajada oshishini ko‘rsatadi.
Xorijlik bitiruvchilarning 30 foizi tabiiy fanlar, texnologiyalar, muhandislik va matematika (STEM) yo‘nalishlarida diplom olgan. Mahalliy bitiruvchilar orasida esa bu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil etadi. Mazkur raqamlar mamlakatlar o‘rtasida yuqori malakali kadrlarni jalb qilish bo‘yicha raqobat kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq xorijlik talabalarni o‘qitishning o‘zi ularning keyinchalik o‘sha mamlakatda qolib ishlashini kafolatlamaydi.
IHTT yondashuviga ko‘ra, ta’lim migratsiyasi samarali bo‘lishi uchun o‘qish, ishga joylashish, kasbiy aloqalar va uzoq muddatli imkoniyatlar o‘zaro bog‘langan bo‘lishi kerak. Bunda mutaxassisning o‘z vataniga qaytishi ham bilim va tajribaning mamlakatlar o‘rtasida almashinuviga xizmat qilishi mumkin.
IHTT mehnat bozori ehtiyojlarini baholashda insonning nafaqat rasmiy ma’lumotiga, balki amalda nimalarni bajara olishiga ham e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaydi.
Tashkilotning PISA-VET tashabbusi kasbiy ta’lim oluvchilarning bilim va ko‘nikmalarini uch usulda baholashni nazarda tutadi: kasbiy bilimlarni tekshiruvchi savollar, raqamli simulyatsiyalar hamda mutaxassislar kuzatuvidagi amaliy topshiriqlar.
Bunda o‘qish va yozish savodxonligi, muammolarni hal qilish hamda boshqalar bilan hamkorlikda ishlash qobiliyatlari ham muhim hisoblanadi.
IHTT yondashuviga ko‘ra, samarali mehnat bozori uchun odamlarga zarur ko‘nikmalarni o‘rgatishning o‘zi yetarli emas. Ularning mavjud qobiliyatlarini to‘g‘ri baholash, ish beruvchilar bilan bog‘lash va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini yaratish ham zarur.

