Jahon matbuoti sharhi
Deutsche Welle, Reuters va Yevropa komissiyasi materiallari asosida SpaceX kompaniyasining moliyaviy natijalari, Janubiy Koreya kompaniyalarining Xitoyda xotira chiplari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishi, Yevropa Ittifoqining Arktika bo‘yicha yangilangan strategiyasi hamda Xitoy antibiotiklari importining Yevropada penitsillin ishlab chiqarishga ta’siriga oid ma’lumotlar tayyorlandi.

Jahon matbuoti sharhi
SpaceX kompaniyasining tushumi 2,5 baravardan ko‘proq oshdi. 2026 yilning III choragi yakunlariga ko‘ra, SpaceX kompaniyasining tushumi 161 foizga ko‘tarilib, 14,58 mlrd dollarga yetdi. Sof foyda 4,4 mlrd dollarni tashkil etdi va tahlilchilar prognozidan ikki baravardan ziyod yuqori bo‘ldi. Moliyaviy hisobot e’lon qilingach, kompaniya aksiyalari narxi 4 foizga oshdi.
Sun’iy intellekt sohasidan tushum 9 baravardan ziyod oshib, 7,6 mlrd dollarga yetdi. Bunga asosan hisoblash quvvatlarini ijaraga berish hisobiga erishildi. Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ining rivojlanishi ham daromadlar o‘sishiga hissa qo‘shdi.
SpaceX kompaniyasining kapital xarajatlari 19,6 mlrd dollarga yetdi, shundan 16,4 mlrd dollari sun’iy intellekt infratuzilmasiga yo‘naltirildi. Iyun oyida kompaniya tarixdagi eng yirik birlamchi ommaviy aksiyalar taklifini (IPO) o‘tkazdi. Uning bozor qiymati 2 trln dollarga baholanmoqda.
Janubiy Koreya kompaniyalari Xitoyda xotira chiplari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilmoqda. Samsung kompaniyasi 2027 yil oxiriga qadar Xitoyning Sian shahridagi zavodida 286 qatlamli NAND flesh-xotira chiplari ishlab chiqarish quvvatini oyiga 40 mingta yarimo‘tkazgich plastinasiga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu chiplar smartfonlar, kompyuterlar va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarida axborotni saqlash uchun qo‘llaniladi. Janubiy Koreyaning SK Hynix kompaniyasi esa Xitoyning Dalyan shahridagi zavodida 240 qatlamli xotira chiplari ishlab chiqarishga o‘tmoqchi.
Omdia tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning Yangtze Memory Technologies (YMTC) kompaniyasining mamlakat ichki NAND bozoridagi ulushi 2025 yildagi 28 foizdan 2026 yilning II choragida 38,5 foizgacha oshgan. Shu davrda Samsung va SK Hynix kompaniyalari ulushi mos ravishda 33,5 va 17 foizgacha qisqargan.
Xitoydagi zavodlarni modernizatsiya qilish AQShning eksport ruxsatnomalariga bog‘liq. Ilg‘or mikrosxemalar ishlab chiqarish uskunalarini Xitoyga yetkazib berish uchun AQSh litsenziyasi talab etiladi.
Yevropa Ittifoqi Arktikani rivojlantirish bo‘yicha yangilangan strategiyani taqdim etdi. 20 oktyabr kuni Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen YeIning Arktika bo‘yicha yangilangan strategiyasini taqdim etdi. Hujjat so‘nggi besh yilda ilk bor qayta ko‘rib chiqildi.
Xususan, Yevropa Ittifoqi Grenlandiyada qayta tiklanuvchi energetika, xomashyo qazib olish, transport va uy-joy qurilishini rivojlantirishga 200 mln yevro investitsiya kiritadi. Shuningdek, Grenlandiya va Yevropa o‘rtasida suvosti kabelini yotqizish nazarda tutilgan.
Yevropa mudofaa jamg‘armasi doirasida texnologiyalar, aviatsiya va uskunalarni rivojlantirishga 260 mln yevro ajratilgan. Muzyorar kemalar flotini va sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Strategiya Rail Nordica temir yo‘l loyihasini jadallashtirish, transport va raqamli tarmoqlarni rivojlantirish, muhim mineral resurslar ta’minot zanjirlarini mustahkamlash hamda Arktika atrof-muhitini muhofaza qilishni ham nazarda tutadi.
Xitoy antibiotiklari importining o‘sishi Yevropada penitsillin ishlab chiqarishga tahdid solmoqda. Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining penitsillinlar va ularning hosilalari importida Xitoy ulushi 2019–2025 yillarda 44 foizdan 86 foizgacha oshgan. Yevropada penitsillin ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini qamrab olgan yagona zavod Avstriyada joylashgan bo‘lib, Shveysariyaning Sandoz kompaniyasiga tegishli. Mazkur zavod Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan kuchayib borayotgan raqobatga duch kelmoqda.
Korxonani kengaytirishga 200 mln yevro investitsiya kiritilganiga qaramay, arzon import mahsulotlari va yuqori elektr energiyasi xarajatlari uning rentabelligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2025 yilda YeIning energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi tarmoqlarida elektr energiyasi narxi Xitoyga nisbatan 50 foiz yuqori bo‘lgan. Yevropada dori vositalarining davlat xaridlarida esa eng past narxga ustuvorlik beriladi.
2026 yil mart oyida Sandoz kompaniyasi Xitoy amoksitsillin ishlab chiqaruvchilarining demping amaliyoti yuzasidan Yevropa komissiyasiga shikoyat kiritdi. Kompaniya antidemping tekshiruvi o‘tkazilishi va ehtimoliy himoya bojlari joriy etilishini talab qilmoqda. Xitoy esa insofsiz raqobat haqidagi ayblovlarni rad etib, sanoatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga muvofiqligini ta’kidlamoqda.

