Jahon iqtisodiyotida qarz yuki va sun’iy intellektga investitsiyalar
Ushbu xalqaro iqtisodiy yangiliklar dayjestida Xitoyda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ortishi, sun’iy intellektga investitsiyalarning jahon iqtisodiy o‘sishiga ta’siri hamda mehnat bozoridagi o‘zgarishlar yoritilgan.

**Jahon iqtisodiyotida qarz yuki va sun’iy intellektga investitsiyalar**
**Xitoyda qarz yukining oshishi iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini toraytirmoqda**
Financial Times xabariga ko‘ra, Xitoyda davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlarining ko‘payishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va ichki talabni jonlantirish uchun byudjet imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda.
The Conference Board tadqiqot markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari davlat byudjetining **19,2 foizi**ni tashkil etishi kutilmoqda. 2014 yilda bu ko‘rsatkich **12 foiz** edi.
Qarz yuki mahalliy hokimiyatlar moliyasiga ham bosim o‘tkazmoqda. Ularning foiz to‘lovlari 2014 yildan beri yiliga o‘rtacha **16 foiz**ga oshgan. Markaziy va mahalliy hukumatlarning jami foiz to‘lovlari 2014 yildagi **348 mlrd yuan**dan 2026 yilda **1,4 trln yuan**ga, ya’ni taxminan **209 mlrd dollar**ga yetishi kutilmoqda.
Morgan Stanley’ning Xitoy bo‘yicha bosh iqtisodchisi Robin Sin yaqin muddatda asosiy e’tibor yil boshida tasdiqlangan byudjet ijrosini tezlashtirishga qaratilishini kutmoqda.
**Sun’iy intellektga investitsiyalar jahon iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda**
XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan yirik investitsiyalar jahon iqtisodiy o‘sishini qariyb **3 foiz** darajasida ushlab turishga yordam berayotganini aytdi. Uskuna va texnologik mahsulotlar yetkazib beruvchi Osiyo mamlakatlari, jumladan, Tailand bundan katta foyda olmoqda.
Georgiyevaning so‘zlariga ko‘ra, SI infratuzilmasiga investitsiyalar o‘sishi Osiyoning rivojlangan iqtisodiyotlarida iqtisodiy o‘sishni **0,5–1 foiz bandga**, rivojlanayotgan mamlakatlarida esa **0,2–0,8 foiz bandga** oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, SI mehnat bozoridagi vazifalar va ko‘nikmalarga bo‘lgan talabni o‘zgartirmoqda.
XVJ bahosiga ko‘ra, SI vaqt o‘tishi bilan jahondagi ish o‘rinlarining **40 foizi**ga ta’sir qilishi mumkin: ayrimlarida xodimlar imkoniyatlari kengayadi, boshqalarining ahamiyati pasayadi yoki ular yo‘qolishi mumkin.
Dastlabki tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda ish o‘rinlarining **10 foizi** allaqachon SI bilan ishlash ko‘nikmalarini talab qilmoqda.
Bir xil va takrorlanuvchi vazifalar bilan bog‘liq ish o‘rinlari soni kamayib borayotgan bir paytda, nisbatan kam haq to‘lanadigan ikki sohada — qurilish va data markazlarda — ish o‘rinlari soni ortmoqda.

