Sport

Jahon chempionati davomida kukun sochib tanilgan “sehrgar” Ganada qo‘lga olindi

Jahon chempionatida Gana terma jamoasi o‘yinlari vaqtida tribunada oq kukun sochib tanilgan “sehrgar” Kaylani Ibrohim Kpa Ganada hibsga olindi. Bir qator fuqarolar uni AQSH va Kanadaga jo‘natishni va’da qilib, ularning katta miqdordagi pullarini o‘zlashtirganlikda ayblamoqda.

Ghana Broadcasting Corporation xabariga ko‘ra, 2026-yilgi Jahon chempionatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolari orqali mashhurlikka erishgan ganalik muxlis viza hujjatlarini rasmiylashtirish va sayohatlarni tashkillashtirish bilan bog‘liq firibgarlikda gumon qilinmoqda. U hozirda Akkra shahridagi sudga olib kelingan.

Jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Kpa ularga Kanada, Nikaragua va AQSHga borishda yordam berishni va’da qilib, pul olgan. Mahalliy politsiya yetkazilgan zararning rasmiy summasini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, Yen nashrining yozishicha, firibgarlik miqdori 80 ming AQSH dollaridan oshadi.

Muxlislar orasida “Powder Man” (Kukunli odam) laqabini olgan Kpaning o‘zi Jahon chempionatiga o‘z hisobidan borganini, biroq keyinchalik pullari butunlay tugab qolganini ma’lum qilgan. Turnir davomida u havoga oq kukun sochib, ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishgandi. Aynan shu harakatlari tufayli ko‘pchilik uni mahalliy shaman (sehrgar) deb o‘ylagan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Gana milliy jamoasi JCHda o‘z guruhida uchinchi o‘rinni egallab pley-offga yo‘llanma oldi, biroq 1/16 final bosqichida Kolumbiyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.