Mahalliy

«Jadidlar izidan» tanlovi: g‘oliblarga oliy ta’limga kirishda imtiyoz beriladi

Tanlovda jadid ma’rifatparvarlarining hayoti va ijodini o‘rganish, asarlaridagi g‘oyalarni tahlil qilishga qiziqqan 6-8 hamda 9-10-sinf

«Jadidlar izidan» tanlovi: g‘oliblarga oliy ta’limga kirishda imtiyoz beriladi

O‘zbekistonda o‘quvchilar uchun «Jadidlar izidan» tanlovining yangi mavsumi start olmoqda. Unda jadid ma’rifatparvarlarining hayoti va ijodini o‘rganish, asarlaridagi g‘oyalarni tahlil qilishga qiziqqan 6-8 hamda 9-10-sinf o‘quvchilari qatnashishi mumkin.

Respublika «Kelajak» markazi tashkillashtirayotgan tanlovning tuman va shahar bosqichlari oktyabr oyida, hududiy bosqichi noyabrda, respublika bosqichi esa dekabr oyida bo‘lib o‘tadi.

Avval o‘quvchilar jadidlar hayoti va ijodiga doir test hamda og‘zaki savollarga javob beradi. Keyingi bosqichda esa boshqotirma yechish, belgilangan asarlarni tahlil qilish va insho yozish topshiriqlari beriladi.

Finalga chiqqan ishtirokchilar jadidlar haqidagi bilimlarini namoyish etish bilan birga, o‘zlari tanlagan mavzu bo‘yicha loyiha taqdim etadi. Loyihalar maktab, milliy ta’lim, xorijiy ta’lim tajribasi, til, ekologiya, teatr, tarix, kasb-hunar, matbuot, milliy qadriyatlar va xotin-qizlar kabi yo‘nalishlarda tayyorlanishi mumkin.

Tanlovga tayyorgarlikni maktablardagi «Jadidlar izidan» klublaridan boshlash mumkin. Prezidentning 2026 yil yanvardagi qaroriga ko‘ra, klub a’zolari o‘qigan kitoblarini muhokama qiladi va yil davomida kamida 20 ta asar mutolaa qiladi. Eng faol klub a’zolarini har chorakda rag‘batlantirish belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, tanlovning o‘tgan yilgi mavsumida 656 171 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. G‘oliblar Germaniyadagi Berlin va Gamburg universitetlari bilan tanishgan.

Joriy mavsumda ham eng yuqori natija ko‘rsatgan 14 nafar o‘quvchi xorijiy ta’lim sayohatiga yuboriladi.

Respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan bitiruvchilarga oliy ta’lim muassasalaridagi kasbiy (ijodiy) imtihonda eng yuqori ball ajratilgan fandan maksimal ball olish imtiyozi beriladi. Ushbu imtiyozdan tanlov o‘tkazilgan kundan boshlab bir yil davomida foydalanish mumkin.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 15 oktyabrga qadar «jadidlarizidan.uz» platformasi orqali qabul qilinadi. Saytda 6-8 va 9-10-sinf o‘quvchilari uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish shakllari mavjud.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.