IT Park Uzbekistan va 500 Global hamkorlikni kengaytiradi
IT Park Uzbekistan va 500 Global O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish, venchur investitsiyalarni oshirish va kompaniyalarni xalqaro bozorlarga chiqarishni muhokama qildi.

IT Park Uzbekistan va 500 Global o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov 500 Global kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Pedro Santos Viyeyra bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda startap ekotizimini rivojlantirish, venchur investitsiyalar hajmini oshirish hamda O‘zbekiston texnologik kompaniyalarini xalqaro bozorlarga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslarni muvofiqlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 500 Global vakillari O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini rivojlantirishda kelgusida ham ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
500 Global – bu tez rivojlanayotgan texnologik startaplarga sarmoya kirituvchi va tadbirkorlik ekotizimlarini rivojlantiruvchi xalqaro venchur kompaniyadir. Kompaniya xalqaro akseleratsiya dasturlarini, jumladan, mintaqa mamlakatlari startaplari uchun mo‘ljallangan 500 Global in Eurasia dasturini amalga oshiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya boshqaruvida qariyb 2,3 milliard dollarlik aktivlar mavjud.
500 Global avvalroq O‘zbekistonning bir qator startaplariga, jumladan, TASS Vision, IMAN, Cerberus, Tezbor, Talklabs va Unitlab AI loyihalariga investitsiya kiritgan. Ushbu loyihalarga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi kamida 600 ming dollarni tashkil etadi.
Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, 500 Global 2021-2022-yillardan buyon O‘zbekiston bozoridagi texnologik kompaniyalar va startaplarga sarmoya kiritib kelmoqda. Investitsiya olganlar orasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan loyihalar bilan bir qatorda, mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy asoschilarning startaplari ham bor.
Kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonda startaplarni xalqaro moliyalashtirishni jalb qilishga tayyorlash dasturlarini ishga tushirish bo‘lishi mumkin. Bunday tashabbuslar mahalliy kompaniyalarning xorijiy investorlar bilan aloqalarini kengaytirishni ham nazarda tutadi.
500 Global’ning Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasi doirasida kompaniya startaplarni turli bosqichlarda, ya’ni dastlabki bosqichlardan tortib xalqaro investitsiya bozorlariga chiqishgacha bo‘lgan davrda qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekistonda venchur fondlarining faoliyat yuritish shartlari ham alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, investitsiya kapitali harakatini soddalashtirish va xalqaro fondlarning mahalliy bozordagi faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston startap ekotizimini tizimli rivojlantirish, venchur investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va mahalliy texnologik kompaniyalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
IT Park Uzbekistan uchun bunday hamkorlik o‘zbek startaplariga xorijiy kapitalni jalb qilish, kompaniyalarni yangi bozorlarga olib chiqish va xalqaro investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

